Nuralixon

Nuralixon (18-asr) – Xiva xoni (1741-47). Abulxayrxon o’g’li. Xivaliklar Eron shohi Nodirshoh noibiga qarshi qo’zg’olon ko’taradilar, unda Nuralixon katta rol o’ynaydi. Qo’zg’olonchilar Xivani qamal qilib uni egallaydilar. Xiva noibi o’ldirilib, uning qo’shini qirib tashlangan. Taxtga Nuralixon o’tiradi. Bundan xabar topgan Nodirshoh Marvdagi o’g’li Nasrullo Mirzoga xat yuborib, unga Xorazmga borib, Eron hukmronligini qayta tiklashni buyurgan. Nuralixonni taxtga ko’tarishga yordam bergan Xiva amaldorlari Marvga, Nasrullo Mirzo oldiga kelib tavba qiladilar. Xivaliklar iltimosiga ko’ra, Nodirshoh Elbarsxonning Xurosonda turgan o’g’li Abu Muhammadni Xivaga xon qilib tayinlaydi. Nasrullo Mirzo otasining buyrug’iga ko’ra, orolliklar va xivaliklardan yordamchi lashkar to’plab, uning huzuriga yuboradi, turkmanlar va yovmutlarni esa Xorazmdan Xurosonga ko’chirtirib yuboradi. Nuralixon dashtga qochib ketgan. 1746 yil eronliklar Nuralixonni Xiva taxtiga o’tirishga yana taklif qilganlar, biroq Nuralixon bu taklifda biror nayrang bo’lsa kerak deb xavotirlanib Xivaga bormagan. Nuralixonga dushman qozoq sultoni Botirning o’g’li g’oyib Xiva taxtiga o’tqazilgan.