Nurash konlari
Nurash konlari – yer yuzasiga yaqin tog’ jinslarining nurash qatlamida suv, uglekislotalar, kislorod hamda organik va noorganik kislotalar (kimyoviy nurash) ta’sirida parchalanishidan paydo bo’lgan foydali qazilmalar koni. Nurash konlari avvalgi geologik davrlarda shakllangan bo’lib, hozirgi davrda esa chuqurlikdan er yuzasiga chiqarilgan va yangi termodinamik sharoitlarda barqaror bo’lmagan tog’ jinslardan tashkil topgan. Nurash jarayonlari natijasida tog’ jinslari murakkab tarkibli silikatlardan sod-daroq tarkibli oksid va gidroksidlarga o’tadi. Yangi hosil bo’ladigan birikmalar erigan holda yer osti suvlari bilan ko’tarilib qaytadan cho’kindi hosil qiladi va infiltrasion konlarni tashkil etadi. Bu turdagi konlarga uran, mis rudalari, oltingugurt konlari kiradi. Boshqa qiyin eriydigan birikmalar er yuzasi yaqinida yig’ilib qoldiq konlar deb ataluvchi konlarni tashkil etadi. Bu guruhga silikatli nikel rudalari, temir, marganes, boksit, magnezit, kaolin konlari mansub.