Nurota

Nurota — Navoiy viloyati Nurota tumanidagi shahar (1976 yildan). Oqtog’ning etagida, 524 metr balandlikda joylashgan. Tuman markazi. Yaqin temir yo’l stantsiyasi — tinchlik (85 kilometr). Nurota viloyat markazi (Navoiy shahri)dan 85 kilometr. Aholisi 30,1 ming kishi (2003). Nurota O’zbekistonning qadimgi shaharlaridan biri. Shahar dastlab 10-asrda Narshaxiyning «Buxoro tarixi» asarida «Nur» shaklida (shu yerdagi mashhur «Nur» chashmasi nomidan) tilga olingan. Mahalliy rivoyatlarda shaharning paydo bo’lishi Iskandar Makduniy davriga borib taqaladi. Keyinchalik shaqar bu yerda yashab o’tgan mashhur Shayx Abulhasan Nuriy (9-asr) sharafiga «Nurota» deb atala boshlagan. Nurota ustidan Buyuk ipak yo’lining bir tarmog’i o’tgan. U o’tmishda harbiy-strategik ahamiyatga ega bo’lib, yirik savdo markazi ham hisoblangan. «Nur» qal’asi qadimdan Jizzaxdan so’ng Buxoro va Samarqand vohasiga kirish uchun ikkinchi darvoza hisoblangan. Nurota (qadimgi «Nur») Buxoroning shimoldagi chekka shahar bo’lib, madaniy o’troq aholi va ko’chmanchi xalqlar yashaydigan qudud chegarasida joylashgan. O’g’uz turklari Nurota vohasidan avval Xuroson, so’ngra Kichik Osiyo yarim oroliga borib o’rnashgan va Saljuqiylar davlatiga asos solgan (11-asr). Qadimgi tosh yo’li orqali nurga ko’plab karvonlar kelib to’xtagan. Chingizxon qo’shinlari Buxoroga borishda xuddi ana shu yo’ldan (1220 yil yanvar) Nurga kirib kelgan. Shu bois tosh yo’li «xon yo’li» nomi bilan ham yuritilgan. Nurota Somoniylar, Abdullaxon davri (16-asr) va undan keyingi davrlarda ham muhim strategik istehkom hisoblangan. Nurotaning ulkan boyligi uning marmar konidir. Shahardagi «Nurotamarmar» sanoat korxonasi ushbu kon xom ashyosi asosida ishlayapti. Shuningdek, Nurotada non kombinati, tikuvchilik fabrikasi, «Nurbuloq», «Nurobod» aktsiyadorlik jamiyatlariga qarashli korxonalar, bir necha bozor, savdo do’konlari, madaniy, maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari bor. 8 umumiy ta’lim maktabi, pedagogika, qishloq xo’jalik kasb- hunar kollejlari, 7 ommaviy kutubxona, klub, «Chashma» o’lkashunoslik muzeyi faoliyat ko’rsatadi (2003). Nurotada 2 kasalxona, 10 dorixona va boshqa tibbiyot muassasalari mavjud. Xalq amaliy san’at va hunarmandchiligi qadimdan rivojlangan. Nurota ustalari tomonidan tayyorlangan duradgorlik, temirchilik, chilangarlik, quruvchilik, kulolchilik, miskarlik, kashtachilik, zargarlik mahsulotlari hamisha xaridorgir bo’lib kelgan. Nurotada antik davrda qurilgan Nur qal’asi qoldiqlari (uni Iskandariya, Iskandar qal’asi ham deyishgan), Pirosta mudofaa devori qoldiqlari va qadimgi korizlar sistemasi (taxminan miloddan avvalgi 4-3-asrlar), «Chilustun» jome masjidi (9— 20-asr boshlari), katta gumbaz masjidi (1582 — 90 yillar), «Sayidota», «Oqmasjid», «Bargso’z» masjidlari (19-asr oxiri — 20-asr boshlari), Sudur Bobo hammomi (1928 yil) kabi me’moriy va tarixiy yodgorliklar saqlanib qolgan. Shaharda Mozori Sang Andoz (Paxlavon Ahmad Zamjoi), Shoiris (Bibisitam Tagalbos), Mozori bandikusho (Hoji Burhoniddin jarroh), chilla mozor (Xoja Ubaydullo jarroh), qadimgi Nur chashmasi kabi ziyoratgohlar mavjud. Qahramon Rajabov, Zulxumor Abdiyeva.