Nurobod tumani

Nurobod tumani – Samarqand viloyatidagi tuman. 1975 yil 26 noyabrda tashkil etilgan. Shimoldan Kattaqo’rg’on, Narpay, Paxtachi tumanlari, g’arbdan Navoiy viloyati, sharkdan Samarqand, Pastdarg’om tumanlari, Janubdan Qashqadaryo viloyati bilan chegaradosh. Maydoni 4,79 ming km2. Aholisi 98,7 ming kishi (2003). Tumanda 1 shahar (Nurobod), 7 qishloq fuqarolar yig’ini (Jarquduq, Jam, Nurbuloq, Sazag’on, Tim, Tutli, Ulus) bor. Markazi — Nurobod shahri. Tabiati. Relefi, asosan, yassitog’lik, tekislik, adir va qirlardan iborat bo’lib, sharqdan g’arbga Nishab. Qarnob cho’lining bir qismi tuman hududida joylashgan. Iqlimi Kontinental. Yillik o’rtacha temperatura 14°, eng yuqori temperatura 43°. Vegetatsiya davri 180 kun. Yillik yog’in 275 mm. Yog’inning asosiy qismi qishda va bahorda tushadi. Sharqidan Eski Anxrr va Moskva kanallari, tuman markazidan Galabek-Sobirsoy oqib o’tadi. Qoratepa tog’laridan Oqsoy, Anjirli, Omondara soylari oqib tushadi. Asosan, bo’z va qum tuproqli yerlar. Yantoq, shuvoq, karrak, oqquray, qo’ziquloq, chitir va boshqalar o’sadi. Bo’ri, tulki, quyon, jayran; qushlardan chumchuq, chug’urchiq, zarg’aldoq, tustovuq, o’rdak, qarg’a; sudralib yuruvchilardan kaltakesak, toshbaqa, ilon, echkemar; kemiruvchilardan yumronqoziq, qo’shoyoq, ko’rsichqon, kalamush va boshqalar uchraydi. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, rus, tojik, tatar, ukrain va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 20 kishi. Shahar aholisi 8,7 ming kishi, qishloq aholisi 90,0 ming kishi. Xo’jaligi. Tuman xo’jaliklari asosan, chorvachilik va dehqonchilikka ixtisoslashgan. Sanoat, transport, aloqa korxonalari bor. Shirkat xo’jaliklari g’allachilik, sabzavotchilik, polizchilik, mevachilik, tokchilik, chorvachilik bilan shug’ullanadi. Tumanda 2 qo’shma korxona, 58 kichik korxona, 5 aktsiyadorlik jamiyati mavjud (2003). Qishloq xo’jaligining yetakchi tarmog’i g’allachilik. Qishloq xo’jaligida sug’oriladigan yerlar 5627 gektar, shu jumladan, 2 ming gektar yerga g’alla, 130 gektar yerga sabzavot va poliz ekinlari, 30 gektar yerga kungaboqar, 155 gektar yerga beda ekiladi, 3370 gektar yer bog’dan iborat. Nurobod tumanida 8 shirkat xo’jaligi, 520 fermer xo’jaligi mavjud. Tuman shirkat va shaxsiy xo’jaliklarida 20,7 ming qoramol, 280,2 ming qo’y va echki, 16,7 ming parranda, 1461 ot bor (2003). 2002/2003 o’quv yilida 75 umumiy ta’lim maktabi bo’lib, 26 ming o’quvchi ta’lim oldi. Kasb-hunar kolleji, kasb-hunar maktabi, musiqa va sport maktablari faoliyat ko’rsatadi. Kutubxona, 52 klub, 16 madaniyat uyi, stadion va sport maydonlari ishlab turibdi. 10 kasalxona, tug’ruqxona va boshqa tibbiy muassasalarda 120 vrach, 624 o’rta tibbiy xodim ishlaydi (2003). Tuman hududida mineral buloqli «Nagorniy» sanatoriysi bor. Xalqaro va Samarqand— Qarshi yo’nalishidagi poyezdlar tuman hududidan o’tadi.