Nurota tog’lari

Nurota tog’lari — Turkiston tizmasining shimoliy-g’arbiy tarmog’i. Navoiy, Samarqand va Jizzax viloyatlarida. Janubi-Sharqda Sangzor daryosidagi Ilono’tti tog’ yo’lagi Nurota tog’larini Molguzar tizmasidan ajratib turadi. Janubdan Zarafshon botig’i, shimdan Qizilqum cho’li bilan chegaralangan. Nurota tog’lari bir-biriga parallel bo’lgan ikkita tizmadan iborat. Shimoliy tizma Nurota tog’lari, aniqrog’i, Shimoliy Nurota tog’lari, janubiysi — Janubiy Nurota tog’lari deb yuritiladi. Shimoliy Nurota tog’lari Janubiy-sharqiy qismini Qo’ytosh tog’lari ishg’ol qilgan. Qo’ytosh tog’lari shimoli-g’arbda Sovurbel dovonidan Janubi-Sharqda Sangzor daryosigacha boradi. Uzunligi 70 kilometr, o’rtacha balandligi 1260 metr. Shimoliy Nurota tizmasining Markaziy qismi nisbatan baland, o’rtacha balandligi 1750 metr. Eng baland joyi (Zargartog’) — 2169 metr. Bu qismida katta fozilmon (2134 metr), Qarchig’ay (2105 metr) kabi cho’qqilar ham bor. Shimoliy Nurota tog’larining shimoliy-g’arbiy qismi uncha baland emas, o’rtacha balandligi 900-1100 metr. Janubiy Nurota tog’lari bir qancha meridianal vodiylar bilan qirqilgan; Janubi-sharqdan shimoli-g’arbga cho’zilgan G’ubdintog’, qaroqchitog’, Oqtog’dan iborat. Oqtog’ning shimoli-g’arbidagi Qoratog’ham Janubiy Nurota tog’lariga kiradi. Bu tog’lar bir-biridan Qo’shrabot, Qo’ytosh va Nurota orqali ajralib turadi. Nurota tog’lari shimoli-g’arbga tomon 180 kilometr cho’zilgan. O’rtacha balandligi 1000— 1500 metr. Paleozoyning ohaktosh, qumtosh va slaneslaridan, metamorfik jinslardan tashkil topgan. Bular orasida otqindi jins ko’p. Janubiy tizmalarning pastroq qismlari va botiqlarda neogen va to’rtlamchi davr yotqiziqlari ham tarqalgan. Tektonik jihatdan tizmalar megantiklinal strukturaga ega bo’lib, gersin burmalanishida hosil bo’lgan va hozirgi balandligida yangi tektonik harakatlar natijasida ko’tarilgan. Nurota tog’larining pastroq qismida yoz quruq va issiq, qish u qadar sovuq emas. Iqlimi tog’yon bag’irlarida va yuqori qismlarida salqin, yog’in ko’proq. Yillik o’rtacha temperatura 13,4—14,4°, yanvarniki -0,6° -2,3°, iyulniki 15°-25,4°. Eng yuqori temperatura tog’oldi hududlarda 46°— 47°, eng past temperatura -29°, -30°. Yillik yog’in miqdori 251-452 millimetr, qor qoplamining qalinligi 15-30 santimetr. Sha-molning o’rtacha tezligi sekundiga 2,0— 3,2 metr, ba’zida 28 metrga yetadi. Nurota tog’laridan ko’plab daryo va soylar (Osmonsoy, Kulbasoy, Uchmasoy, Majrumsoy, Uxumsoy, Sentabsoy, Tusunsoy, Oqtepasoy, Ko’ksaroysoy, Oqchopsoy va boshqalar) boshlanadi. Ularning suv sarfi kam bo’lganidan tekislikka chiqqach, qurib qoladi yoki sug’orishga sarflanadi. Bahorda ularda sel hodisalari ham sodir bo’ladi. Nurota tog’larida, asosan, bo’z tuproqlar, 1600— 1700 metr balandliklarda jigarrang bo’z tuproqlar tarqalgan. Tog’ etaklari va 1600 metr balandlikgacha bo’lgan qismida efemer va efemeroidlar o’sadi. Buta va daraxtlardan bodom, yong’oq, na’matak, uchqat, do’lana va boshqalar bor. Baland qismida archazorlar uchraydi. Hayvonlardan bo’ri, tulki, yumronqoziq, quyon, tog’ echkisi, bo’rsiq, ilonlar, kaklik, bulduruq va boshqalar yashaydi. 1975 yilda tashkil etilgan Nurota tog’-yong’oqzor davlat qo’riqxonasida tog’landshafti va u yerdagi o’simliklar (yong’oq, olma, olcha, tut), hayvonlar (muflon, qobon, tulki, jayra, kaklik, burgut, ilonlar) muhofaza qilinadi. Nurota tog’laridan yaylov sifatida foydalaniladi. Soylar vodiylarida polizchilik, bog’dorchilik qilinadi. Yon bag’irlarida bug’doy, arpa va boshqa ekinlar ekiladi.