Nurota tumani

Nurota tumani – Navoiy viloyatidagi tuman. Shimoldan viloyatning Tomdi, g’arbdan Konimex tumanlari, Buxoro viloyati, sharqdan Jizzax viloyati, Janubdan Navoiy, Xatirchi tumanlari, Samarqand viloyati bilan chegaradosh. Maydoni 6,5 ming km2. Aholisi 78 ming kishi (2003). 1 shahar (Nurota), 7 qishloq fuqarolari yig’ini (Nurota, Dehi-baland, Sentob, qizilcha, Chuya, gum, G’ozg’on) bor. Tuman markazi — Nurota shahri. Nurota tumani 1926 yil 29 sentabrda Nurota uyezdi (markazi Nurota qishlog’i) o’rnida tashkil etilgan. 1930 yil 17 avgustdan Nurota tumani Samarqand viloyati, 1982 yildan Navoiy viloyati, 1988 yildan Samarqand viloyati, va nihoyat, 1992 yil martdan yana Navoiy viloyati tarkibida. Tabiati. Nurota tumani hududining shimoliy Aydar sho’rxoklari, Qizilqum va Qoratog’ bilan, markazi va Janub Nurota va Oqtog’ tizmalari hamda ular orasidagi botiqlar bilan band. Botiqlarda yoz quruq va issiq, qish u qadar sovuq bo’lmaydi. Balandroq joylarda yoz salqin, qish esa sovuq bo’lib, uzoq davom etadi. Yillik o’rtacha temperatura 13,4°. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -1,0°, eng past temperatura -29°, iyulda 27-28°, baland joylarda 25— 15°, eng baland temperatura 43°. Vegetatsiya davri 202 kun. Yillik yog’in 200-222 mm. Suvlari tog’dan oqib tushadigan soylardan (Oqsoy, Fangatsoy, Navkatsoy, Oqchopsoy, Orasoy, Gumsoy va boshqalar) iborat bo’lib, ma’lum havzaga quyilmasdan, tekislikka chiqqach, sug’orishga sarf bo’ladi. Lyoss, tosh-shag’al prolyuvial jinslardan tuzilgan botiqlarida och bo’z tuproq, bo’z tuproq, oddiy bo’z tuproq, yuqoriroqsa to’q tusli bo’z tuproqlar uchraydi. Yovvoyi o’simliklardan efemerlar, oq quray, gulxayri va boshqalar o’sadi. Butalardan do’lana, pista, irg’ay, Qoratikan, chiy, bodomcha, quyonsuyak, jingil va boshqalar uchraydi. Yovvoyi hayvonlardan kiyik, arxar, chiyabo’ri, qarsoq tulki, qobon, quyon, suvsar, tipratikan, qoplon, bo’ri, silovsin, ayiq, kala-mush, o’rmon sichqoni, yumronqoziq, toshbaqa, echkemar va ilonlar; qushlardan kaklik, bulduruq, qorabovur, burgut, qoraqarg’a, olashaqshaq, chumchuq, qirg’iy, lochin, kalxat, ko’kqarg’a, bedana, musicha, to’rg’ay va boshqalar ko’p. 1997 yilda «Oqtov» Landshaft qo’riqxonasi tashkil etildi (maydoni 15,5 ming gektar). Aholisi, asosan, o’zbeklar (86%), shuningdek, tojik (11%) va boshqa millat vakillari ham (3%) yashaydi. 1 km2 ga o’rtacha 12 kishi to’g’ri keladi. Shaxar aholisi 30,1 ming kishi, qishloq aholisi 47,9 ming kishi (2003). Xo’jaligi. Respublikada salmoqli o’rinlardan birini tumandagi «g’oz-g’onmarmar» aktsiyadorlik jamiyati korxonasi egallaydi. Undan tashqari, «nurotamarmar» ishlab chiqarish korxonasi, «Nurota-avtoyo’lmarmar», «Nurbuloq» mineral suv qadoqlash korxonasi, «Chashma», «Istiqlol» savdo korxonalari, tikuvchilik fkalari mavjud. Tumandagi 700 ga yaqin korxonadan 551 tasi kichik firma, 70 ga yaqin kichik va o’rta korxona. Shuningdek, 120 ga yaqin maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchasi, 200 dan ziyod savdo do’koni ishlab turibdi. Tuman qishloq xo’jalik, asosan, chorvachilik va dehqonchilik (g’allakorlik)ka ixtisoslashgan. 4 xo’jalik qorako’lchilik bilan shug’ullanadi. 10 shirkat, 500 ga yaqin dehqon-fermer xo’jaligi mavjud. Qishloq xo’jaligida foydalaniladigan 503 ming gektar yerning 3,1 ming gektari shartli sug’oriladi. Lalmikor yerlar 16,3 ming gektarni tashkil etadi. 1,1 ming gektar yerga don, 1,1 ming gektar yerga ozuqa ekinlari ekiladi. 187 gektar mevazor, 125 gektar tokzor, 213 gektar tutzor bilan band. Tuman shirkat va shaxsiy xo’jaliklarida 9,6 mingdan ziyod krramol, 1,5 mingga yaqin ot bor. Parranda ham boqiladi. Tuman xo’jaligida avtotransport asosiy o’rinda. Viloyat markaziga Nurota shahridan avtobuslar muntazam qatnaydi. 54 umumiy ta’lim maktabi (19,7 ming o’quvchi), kasb-hunar kollejlar, 19 jamoat kutubxonasi, 26 klub, «Chashma» o’lkashunoslik muzeyi, 3 stadion, 26 sport maidonchasi faoliyat kursatadi. Tuman Markaziy kasalxonasi, bolalar yuqumli kasalliklar, 5 qishloq uchastka kasalxonalari, 4 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 10 qishloq vrachlik punkti, kattalar va bolalar poliklinikasi va boshqa tibbiy muassasalarda 152 vrach (har 10 ming aholiga 20,6 vrach), 594 o’rta tibbiy xodim ishlaydi. Tuman hududida, Nurota shahridagi me’moriy obidalar bilan birga, Abdullaxon bandi gidrotexnika inshooti qoldiqlari (16-asr) saqlanib qolgan. Qahramon Rajabov, Zulxumor Abdiyeva.