Nurota davlat qo’riqxonasi

Nurota davlat qo’riqxonasi -Jizzax viloyatining g’arbiy qismi (Forish tumani)da, Nurota tog’ining shimoliy yon bag’rida joylashgan qo’riqxona. 1975 yilda tashkil etilgan. Maydoni 17752 gektar, shu jumladan, o’rmonlar bilan qoplangan 2599 gektar (2001), dengiz sathidan 530-2100 metr balandlikda. Asosiy vazifasi shu hududning o’simlik va hayvonot olamini muhofaza qilish, Xalqaro va O’zbekiston qizil kitobiga kiritilgan arxarning Osiyo qo’yi turiga mansub Seversev qo’yi (Kizilqum qo’yi) populyasiyasini hamda yong’oqning tabiiy xilma-xilligini saqlashdan iborat. Qo’riqxonada o’simliklarning 629 tadan, qushlarning 195 tadan, hayvonlarning 60 tadan ortiqturi bor. Ularning ko’pchiligi endemik (Lola turlari, Anzur piyozi). Yong’oq daraxtlari bilan birga yovvoyi olma, qayrag’ochlar o’sadi. Butalar qoplami, asosan, Turkiston do’lanasi, qizil, uchqat, zirk, irg’ay, yovvoyi toklardan iborat. Qo’riqxona hududi tabiat manzaralariga, arxeologik topilmalarga boyligi bilan ham ajralib turadi: qoyatosh (tog’ qo’yini ovlash) suratlari, Majrumsoydagi tanasi yo’g’onligi 8,5 metr keladigan Sharq biotasi daraxti (yoshi taxminan 1000 yildan ortiq) kabi yodgorliklari bor. Arxarlar soni 500 dan ko’proq (2003). Abdushukur Xonazarov.