Nurota dostonchilik maktabi

Nurota dostonchilik maktabi — Nurota tumanining shimoldan Qizilqum bo’ylab Qiziltepa, Konimex tumanlarigacha bo’lgan hududlarda yetishib chiqqan baxshilarni birlashtirgan dostonchilar guruhi. Qurbon baxshi, Ashur baxshi, Isirgap baxshi, Bekmurod Jo’raboy o’g’li, Saidmurod panoh o’g’li, Qurbon Navruzov, Tursun Sherov, Ma’mur Ermatov, Fayzi Najmiddinov kabi o’nlab ijodkorlar shu maktabga mansub bo’lib, Nurota, Navoiy, Tomdi, Konimex, Navbahor, G’ijduvon, Shofirkon tumanlari aholisiga xizmat qilganlar. Bu maktabning so’nggi talantli vakillari Saidmurod panoh o’g’li va Bekmurod Jo’raboy o’g’lidan «Alpomish», «Odilxon», «Kuntug’mish» («Xolbeka»), «Go’ro’g’lining Qrimga borishi», «Avazxon», «Malikai ayyor» («Gulshanbog'») kabi dostonlar yozib olingan va nashr etilgan. Bu baxshilar repertuarida boshqa hududlarda tarqalmagan «sormonxon», «Ahmadxon», «cho’pon qiz», «Maston kampir» kabi dostonlar ham bo’lgan. Ammo ular o’z vaqtida yozib olinmagan. Bu baxshilar «Go’ro’g’li» turkumi dostonlarini 64 doston qilib kuylaganlar. Shuningdek, bu hududlardagi Qoraqalpoq va qozoq xalqlari orasida ham 20-asr boshlarigacha izchil dostonchilik an’analari davom etgan. Bu an’analarning Nurota dostonchilik maktabi vakillariga ta’siri sezilarli bo’lgan. Bu ta’sir repertuar tarkibini o’zgartira olish darajasida bo’lmasada, ko’pgina motivlar talqini, ijro usullarida yaqqol ko’zga tashlanadi. As: Odilxon, T., 1972; Alpomish [Bekmurod baxshi varianta], T., 1999; Avazxon, T., 1965; Gulshanbog’, T., 1966; Xolbeka, T., 1967. Ad.: Mirzaev T., Xalq baxshilarining epik repertuari, T., 1979. To’ra Mirzayev.