Nursoya

Nursoya — plastik san’at (tasviriy va amaliy bezak san’ati, me’morlik, dizayn)ning ifoda vositalaridan biri. Turli yorqinlikdagi ranglaryoki bir rang tuslarining ajralishidagi izchillikka asoslanadi. Nursoyadagi izchillik nur va qorong’i (soya)ning tarqalishi, tasvirlanayotgan muchit, narsalarni hajmli nur-havo og’ushida idrok qilish imkonini beradi. Narsalarga yorug’lik tushishi natijasida uning sathi yorug’va qorong’i (soya) yuzalarga ajraladi (mas, to’rtburchak shakldagi buyumlarda bu ajralish keskin bo’lsa, dumaloq va tsilindrsimon buyumlarda bu ajralish asta-sekinlik bilan boradi). Natijada bunday buyumlarda Nursoya orasida yarim soya va soya tomonida qaytgan nurlar qisobiga yoritilgan yuza — refleks mavjud bo’ladi. Nursoya nur yo’nalishi, narsalarning hajmli shakl xususiyatlari, sifati va xavo holatiga bog’liq; u orqali ijodkor (rassom, haykaltarosh va boshqalar) o’z g’oyaviy estetik qarashlarini ifodalaydi, undan lirik yoki dramatik kayfiyat hosil qilishda foydalanadi. Nursoya imkoniyatlari qadimdan qo’llanilgan. Yunon rassomlari (polignot, parrasi va boshqalar) Nursoya vositasida katta ijodiy yutuqlarga erishgan. Musulmon Sharqida qadimdan me’morlik, amaliy bezak san’atida Nursoya imkoniyatlaridan keng foydalanilgan; o’ymakorlik (ganch va yog’och), haykaltaroshlik (relef va boshqalar) da bezakni jozibali bo’lishi, ta’sirchanligini oshirishda Nursoya o’yiniga asoslanilgan. Nursoya va uning nazariy asoslari Uyg’onish davri ustalari (Leonardo da Vinchi) tomonidan ishlana boshlandi. Shu davrda Nursoya rassomlar tomonidan badiiy asarning ifodaliligini belgilovchi vosita sifatida keng foydalaniladi, imkoniyatlari yanada boyitiladi. Bugungi kunda ham Nursoya realistik tasvirning asosini tashkil etadi, psixologik asarlar yaratishning muhim manbai hisoblanadi. Nemat Abdumayev.