Narpay tumani
Narpay tumani – Samarqand viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan. Viloyatning Janubida joylashgan. Sharq va g’arbdan viloyatning Kattaqo’rg’on, Paxtachi, shimoldan Navoiy viloyatining Xatirchi tumani, Janubdan Nurobod tumani, Qashqadaryo viloyati bilan chegaradosh. Maydoni 0,44 ming km2. Aholisi 152 ming kishi (2003). Tumanda 1 shahar (Oqtosh), 1 shaharcha (Mirbozor), 9 qishloq fuqarolar yig’ini (Islomshoir, Kosagaron, olti-o’g’il, Chaqar, Yangirabot, Yangiqo’rg’on, qadim, Qorako’l, Qorasiyrak) bor. Markazi — Oqtosh shahri. Tabiati. Tuman hududining Janubi- g’arbi Qarnob cho’li, Markaziy qismi va shimoli-sharqida Ziyovuddin-Zirabuloq tog’lari, tog’ oralaridagi soylik va botiqlardan iborat. Yer yuzasi, asosan, uchlamchi davr cho’kindi jinslaridan tashkil topgan. Bu yer neogen davrigacha dengiz bo’lgan. Neogen davridagi Alp orogenetik jarayoni ta’sirida vodiy quruqlikka aylangan. Iklimi keskin kontinental. Yozi jazirama issiq va quruq, qishi sovuq. Yillik o’rtacha temperatura yanvarda — 1,9°, iyulniki 27,2°. Eng yuqori temperatura 44°, eng past temperatura -35°. Vegetatsiya davri 200 kun. Yillik yog’in miqdori 200 mm. Yog’inning ko’p qismi bahor va qishda tushadi. Shimoliy chegarasi bo’ylab Zarafshon daryosi oqib o’tadi. Soy va jilg’alar yozda qurib qoladi. Qadimgi Narpay kapali tuman hududidan o’tgan. Tuproqlari sug’oriladigan bo’z tuproq, ba’zi joylarda sho’rlangan tuproqlar, tog’ etagi qiya tekisliklarida och bo’z tuproq, asl bo’z tuproqlar uchraydi. Yovvoyi o’simliklardan pashmaksho’ra, oqsho’ra, bug’doyiq, qamish, ro’vak, sho’rajriq, kampirsoch, itgunafsha, yulg’un va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan bo’ri, tulki, quyon, chiyabo’ri, jayra, jayran va boshqalar uchraydi. Qushlardan so’fito’rg’ay, loy-xo’rak, chug’urchiq, zarg’aldoq, qirg’ovul; sudraluvchilardan gekkon kaltakesagi, toshbaqa, sariq ilon, echkemar; kemiruvchilardan ko’rsichqon, kichik qo’shoyoq, qumsichqon, tipratikan, kalamush va boshqalar bor. Aholisi, asosan, o’zbeklar; qozoq., rus, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 345 kishi (2003). Xo’jaligi. Tuman xo’jaligining asosiy tarmoklari — paxtachilik, g’allachilik, chorvachilik, ipakchilik, sabzavotchilik. 5364 dehqon xo’jaligi mavjud. Tumanda “Zirabuloqpaxta”, “Oqtoshdon”, Zirabuloq tajribasi- Nov zavodi, “Oqtoshnon”, “Salomatlik” korxonalari, 10 qishloq qurilish kombinati, Zirabuloq magistral gaz yo’llaridan foydalanish boshqarmasi, narpay va Zirabuloq MTP aktsiyadorlik jamiyatlari, 2 avtotransport korxonasi, Oqtosh va Mirbozor dehqon bozorlari, savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari bor. Umumiy ekin maydoni 21962 gektar, shu jumladan, sug’oriladigani 20640 gektar. 1322 gektar lalmikor yerlar, 802 gektar bog’lar, 779 tokzorlar, 515 gektar tutzorlar bilan band. Tuman hududidan Respublika ahamiyatidagi avtomobil yo’li, temir yo’l (Zirabuloq temir yo’l stantsiyasi) o’tgan. Maishiy xizmat va kasb-hunar kolleji, 68 umumiy ta’lim maktabi, 47 jamoat kutubxonasi, 26 madaniyat uyi, Mirbozor xalq muzeyi, 560 o’rinli Markaziy kasalxona, 3 poliklinika, 15 qishloq vrachlik punkti, 2 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 39 feldsher-akusherlik Punkti, shoshilinch tibbiy yordam ko’rsatish markazi faoliyat ko’rsatadi. 1932 yildan “Paxtakor ovozi” tuman gazetasi chiqadi.