Nikaragua
Nikaragua (Nicaragua), Nikaragua Respublikasi (Republika de Nicaragua) — Markaziy Amerikadagi davlat. Maydoni 129,494 ming km2. Aholisi 5 million kishi (2002). Poytaxti — Managua shahri. Ma’muriy jihatdan 15 departament (departamento) va 2 Muxtor regionga bo’linadi. Davlat tuzumi. Nikaragua — respublika. Amaldagi Konstitutsiyasi 1987 yil 9 yanvarda qabul qilingan, unga 1995 va 2000 yillarda tuatishlar kiritilgan. Davlat boshlig’i — prezident (2002 yildan enrike bolanos Geyer). U to’g’ri va yashirin ovoz berish yo’li bilan 5 yil muddatga saylanadi, ketma-ket ikkinchi muddatga saylanishi mumkin emas. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Milliy Assambleya (bir Palatali parlament), ijroiya hokimiyatni prezident amalga oshiradi. Tabiati. Karib dengizi qirg’og’idagi ensiz (130 kilometrgacha) allyuvial pasttekislik Moskito sohili deb ataladi. Mamlakat shimol va markazidagi yassi tog’likni daryolar kesib o’tadi (Kordilera-Isabelya togining eng baland cho’qqisi 2438 metr). G’arbi va Janubda tektonik botiq, vulkanlar, ko’llar bor. Yirik ko’llari — Nikaragua va Managua. Zilzila bo’lib turadi. Oltin, kumush, nikel, simob, mis, qo’rg’oshin-rux, kumir, neft konlari bor. Iqlimi tropik, passatli, doimiy nam. Oylik o’rtacha temperatura 25-28°, tog’larda 16-18°, yillik yog’in 2000— 4000 mm dan 6500 mm gacha. Daryolari sharsharali, sersuv, eng katta daryosi — Rio-Grande. Mamlakat hududining 50% dan ko’prog’i o’rmon, ichki hududlarida savanna ko’p. Nikaraguada bug’u, maymun, tapir, Pekar, chumolixo’r, shuningdek, juda ko’p kemiruvchilar, kurshapalaklar, qushlar, sudraluvchilar uchraydi. Vol-Kan-Masaya, Saslaya milliy boglari bor. Aholisining 87,7% ga yaqini Nikaraguanlar. Kolgan qismi sambo, mulatlar, tog’li joylarda Moskito (indeys) lar. Ispan-indeys metislari latino deb ataladi. Rasmiy tili — ispan tili. Ko’pchilik aholi katolik, bir qismi Protestant. Shahar aholisi 61%. Yirik shaharlari: Managua, Leon, Matagalpa, Granda. Tarixi. Qadimda Nikaragua hududida chibcha, astek, toltek kabi indeys qabilalari yashagan. Mamlakat kabilalardan birining boshlig’i Nikarao nomi bilan atalgan. Nikaraguaga 1502 yil 16 sentabrda yevropaliklardan birinchi bo’lib X. KoLumb borgan. 1524 yilda ispanlar uni mustamlaka qilib oldilar. 1573 yilda Gvatemala general-kapitanligi tarkibiga kiritildi. Mahalliy aholining ko’pchiligi qirib tashlandi, bir qismi qul qilindi. Ispan konkistadorlari va ularning avlodlari — kreollar mamlakat yerlarining ko’p qismini egalladilar. Plantasiyalarda ishlatish uchun Afrikadan qul negrlar keltirildi. 19-asr oxiriga kelib, Nikaraguada Liberal va Konservativ partiyalar paydo bo’ldi. 1821 yil 15 sentabrda Nikaragua mustaqillikka erishdi. 1824 yil quldorlik bekor qilindi. Nikaragua 1822 yil Meksika imperiyasi, 1823-38 yillarda Markaziy Amerika qo’shma provintsiyalari tarkibida bo’ldi. 1855 yil Nikaraguani AQSh qo’shinlari bosib oldi. 1856 yil Amerikalik U. Uoker o’zini Nikaragua prezidenti deb e’lon qildi, ammo Gvatemala, Salvador va Gondurasning Birlashgan qo’shinlari Uokerni Nikaraguadan haydab yubordi. Bu kurashda faol qatnashgan T. Martines 1857-67 yillar Nikaragua prezidenti bo’ldi. Shundan keyin hokimiyat goh konservatorlar, goh liberallar qo’liga o’tdi. X.S. Selaya boshliq liberallarning milliy siyosatini yoqtirmagan AQSh qo’shinlari 1911 yil interventsiya uyushtirib, Nikaragua hukumatini ag’darib tashladi va mamlakatni okkupatsiya qilib oldi (1912-33). 1927 yil A. S. Sandino boshchiligida milliy ozodlik kurashi kuchayib, vatanparvarlar g’alabasi bilan tugadi. Ammo milliy gvardiya qo’mondoni A. Somosa xiyonat yo’liga kirib, A. Sandino joniga qasd qildi va 1936 yilda davlat to’ntarishi uyushtirdi. Mamlakatda Somosa xonadonining harbiy-siyosiy istibdodi hukmron bo’lib oldi. 60-yillar boshida mamlakatda keng xalq harakati boshlandi. 1961 yil Sandinochilar milliy ozodlik fronti tuzildi, u Somosa rejimini ag’darish uchun kurashda yetakchi siyosiy va harbiy kuchga aylandi. 1974 yil tuzilgan Ozodlik demokratik Ittifoqi mamlakatning yetakchi muxolifat partiyalarini birlashtirdi, 1978 yil Keng muxolifat fronti tuzildi. Somosa diktaturasi butunlay yakkalanib qoldi. O’sha yil avgustda butun mamlakatda xalq qo’zg’oloni boshlandi va 1979 yil 19 iyulda xalq inqilobi g’alaba qozondi, A. Somosa diktaturasi ag’darib tashlandi. Butun hokimiyat Milliy tiklanish hukumati qo’liga o’tdi. 1984 yil 4 noyabrda erkin yalpi saylov o’tkazildi. Sandinochilar milliy ozodlik frontining nomzodi D. Ortega prezident etib saylandi. 2001 yil 4 noyabrdagi saylovda g’alaba qozongan prezident E.B. Geyer Liberal konstitutsiyachilar partiyasining rahbaridir. Nikaragua — 1945 yildan BMT a’zosi. Milliy bayram — 15 sentabr — Mustaqillik kuni (1821). Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. Nikaragua sotsialistik partiyasi, 1939 yil asos solingan, 1944 yil 3 iyulda tashkiliy jihatdan rasmiylashtirilgan; Mustaqil Liberal partiya, 1944 yil tashkil etilgan; Nikaragua sotsial xristian partiyasi, 1957 yil tuzilgan; Sandinochilar milliy ozodlik fronti partiyasi, 1961 yil tashkil etilgan; Liberal konstitutsiyachilar partiyasi, 1967 yil tuzilgan; Milliy birlik mustaqil Liberal partiyasi, 1988 yil tuzilgan; Nikaragua konservativ partiyasi, 1922 yil Konservativ demokratik partiya bilan sotsial-konservativ partiyaning qo’shilishi natijasida vujudga kelgan; Sandinochilar yangilanish harakati, 1995 yil mayda tuzilgan. Nikaraguada 5 ta kasaba uyushmasi bor, ularning yiriklari: mexnatkashlar milliy fronti, 1979 yilda asos solingan; Qishloq xo’jalik mehnatkashlari uyushmasi, 1979 yilda tuzilgan; Nikaragua mehnatkashlari kasaba uyushma markazi, 1962 yil tashkil etilgan. Xo’jaligi. Nikaragua — agrar mamlakat, sanoati sust rivojlangan. Mamlakatda qimmatbaho qizil daraxt, kedr, kebracho, kauchukli daraxtlar ko’p. Foydali qazilmalarni kavlab olish yaxshi yo’lga qo’yilmagan. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xo’jalik ulushi — 30,8%, sanoatning ulushi — 17,5%. Qishloq xo’jaligi mamlakat iqtisodiyotining asosini tashkil etadi, unda paxta, kofe, shakarqamish yetishtiriladi. Sholi, kunjut, loviya, makkajo’xori, banan, tamaki, kakao ham ekiladi. Yaylov chorvachiligida qoramol, cho’chqa boqiladi. Iqtisodiy faol aholining 47% qishloq xo’jaligida band. Sohil aholisi baliq va dengiz jonivorlarini ovlash bilan shug’ullanadi. Sanoati. Oltin, kumush, mis, qo’rg’oshin-rux rudalari, neft qazib olinadi. Oziq-ovqat va yengil (asosan, to’qimachilik va poyabzal) sanoat — qayta ishlash sanoatining yetakchi tarmoklari hisoblanadi. Kushxonalar, qand-shakar, paxta tozalash korxonalari, ko’nchilik zavodlari, metallsozlik, kimyo, farmasevtika, tsement, qog’oz, yog’ochsozlik tarmoqlarining mayda korxonalari bor. Managua yaqinida neft mahsulotlari zavodi qurilgan. Yiliga o’rtacha 1,07 milliard kVt-soat elektr energiya hosil qilinadi. Asosiy sanoat Markazlari — Managua, Leon, Masaya. Temir yo’l uzunligi — 403 kilometr, avtomobil yo’llari — 14,4 ming kilometr. Dengiz portlari — Korinto, Blufilds, San-Xuan-del-sur. Nikaragua chetga paxta tolasi, chigit, kofe, go’sht, qand-shakar, yog’och, mineral xom ashyo chiqaradi. Chetdan mashina va asbob-uskuna, tayyor buyumlar, xom ashyo va boshqalarni sotib oladi. Savdo-sotiqdagi asosiy hamkorlari: AQSh, Markaziy Amerika mamlakatlari, Germaniya, Yaponiya, Kanada, Ispaniya, Meksika, Italiya. Pul birligi — oltin Kordoba (oro). Tibbiy xizmati, maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Davlatga qarashli tibbiy muassasalar bilan bir qatorda xususiy shifoxonalar ham mavjud. Vrachlar Leondagi Nikaragua Milliy Muxtor un-tining tibbiyot fakultetida va Managuadagi tibbiyot kollejida tayyorlanadi. Nikaragua maorifi A. Somosa hukmronligi davrida inqiroz holatida edi. 1978-79 yillarda mamlakat aholisining 70%, qishloq aholisining 90% savodsiz bo’lgan. 1979 yildan yalpi majburiy umumiy boshlang’ich ta’lim joriy etila boshladi. O’rta ta’lim [o’rta maktabda 5 (3+2) yoki 6 (3+3) yillik] bepul bo’ldi. Oliy o’quv yurtlari: Leondagi Nikaragua Milliy Muxtor universiteti (1812 yilda asos solingan), Managuadagi Markaziy Amerika universitetining Nikaragua bo’limi (1961), Managuadagi universitet (1976). Ilmiy muassasalari: Nikaragua tillar akademiyasi (1928), geografiya va tarix akademiyasi (1934), Milliy falsafa akademiyasi (1964), geologiya mahkamasi, Qishloq xo’jalik instituti (hammasi Managuada). Managuada Markaziy kutubxona, Leonda universitet Markaziy kutubxonasi va munisipal kutubxona, Managuada Markaziy muzey (1896), Masaya shahrida “tenderi” muzeyi va boshqalar bor. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Yirik gazeta va jurnallari: “Barrikada” (kundalik gazeta, 1979 yildan), “Brigadista” (oyiga 2 marta chiqadigan gazeta, 1981 yildan), “Gaseta” (kundalik rasmiy gazeta, 1912 yildan), “Nuevo diario” (“yangi gazeta”, kundalik gazeta, 1980 yildan), “Prensa” (“matbuot”, kundalik gazeta, 1926 yildan), “Sentroamerikano” (“Markaziy amerikalik”, kundalik kechki gazeta, 1917 yildan), “poder sandinista” (“Sandinochilar hokimiyati”, haftalik jurnal, 1980 yildan) va boshqalar. Axensia Nikaraguense de No-tisias — Ann hukumat axborot agentligi 1979 yil tuzilgan. “Telkor” davlat aloqa korporatsiyasi, Nikaragua radiosi hukumat radio stansiyasi (1979) va Milliy televidenie tizimi (1979) mavjud. Adabiyoti ispanlar Markaziy Amerikaga kelgandan keyin 16-asr 2-yarmidan ispan tilida vujudga kelib, rivojlana boshladi. Fernandes de ove-do-i-Valdesning “Nikaragua tarixi” (16-asr oxiri)ni birinchi adabiy yodgorlik deb hisoblaydilar. 18-asr oxirlarida M. Larraynaga va R.F. Osexo ilmiy-ommabop asarlar va siyosiy makrlalar bilan maydonga chiqdi. Ispaniyaning Amerikadagi mustamlakalari mustaqilligi uchun urush (1810-26) mamlakatda adabiyotni rivojlantirishga turtki bo’ddi. Shu urush qatnashchisi F. Kinones Sunsinning qo’shiqlar va hajviyalardan iborat “she’rlar” to’plami adabiyotda romantizmga asos bo’ldi. 19-asr oxirigacha davom etgan mazkur oqim A. Aragon, L. A. Vilya, K. Dias kabi adiblarni voyaga yetkazdi. 19- asr oxiri prozasida kostumbrizm qaror topdi. Bu oqim Ispaniya va Lotin Amerikasi mamlakatlari adabiyoti va tasviriy san’atida xalq turmushini Real aks ettirishga intilish tamoyilini ifodalar edi (G. Gusman romanlari, X. D. Games, A. F. Balanos ocherklari). R. Dario poyeziyada modernizmga asos soldi. Shoirning “Lojuvard”, “hayot va umid qo’shiqlari” va boshqa to’plamlariga kiritilgan asarlari vatanparvarlik tuyg’ularini kuylaydi. 20-asr boshlarida S. Arguelo, X. Olivares, X. Salgado, S. Sakas, S. de la Selva she’rlari, E. Robleto romanlari shuhrat qozondi. 30-yillardan keyin ko’pgina shoir va yozuvchilar ta’qibga uchradi. Somosa rejimi ag’darilgach, adabiyot gurkirab rivojlandi. J. Belli, E. Ileskas, K. Peres Alonso, E. Guterres, fanor Teles, X. Vale-Kastilo kabi shoirlar ozodlikni madh etuvchi she’rlar yaratishdi. Adiblardan L.A. Kabrales, B.Morales, S. Ramires asarlari Shuhrat qozondi. Me’morligi va tasviriy san’ati. Nikaraguadagi qadimgi indeys madaniyati Meksika, Kolumbiya, Panama madaniyatlari ta’sirida bo’lgan. Qoyalardagi tasvirlar, bo’rtma tosh ustunlar, tosh haykal va haykalchalar, sopol guldon va boshqalar saqlanib qolgan. Mustamlaka davrida bir qavatli, qalin devorli uylar (hovlisi bilan), to’g’ri, tor ko’chalar va maydonlardan iborat shaharlar barpo etilgan. 17-19-asrlarda qurilgan cherkovlarda barokko (Leondagi sobor, 1747— 1825), so’ng klassitsizm (Granadadagi San-Frantsisko Cherkovi, 1862) uslubiga xos naqshlar bilan bezatilgan. 20-asrda Managua shahrida zamonaviy me’morlik uslubida qurilgan imoratlar paydo bo’ldi (me’mor P. Dambax va boshqalar). Keyingi asrlarda tasviriy san’at ravnaq topdi. Zamonaviy ustalardan rassom A. Alonso Rochi, o’ymakor X. Amador Liralar mashhur. Xalq amaliy san’atining yog’och o’ymakorligi, kulolchilik, kashtachilik kabi turlari ommalashgan. Managua sh.da nafis san’at maktabi mavjud.