Nikelli qotishmalar

Nikelli qotishmalar – asosini nikel tashkil qiladigan qotishmalar. Nikelli qotishmalar bosim ostida yaxshi ishlanadi va stanoklarda oson kesiladi. 19-asr oxiridan boshlab plastikligi, elektr o’tkazuvchanligi yuqori bo’lgan mis-nikel qotishmalari keng ishlatila boshladi. Magnit jihatdan yumshoq Materiallarga tegishli Ni (40-85%) ning temir bilan ferromagnit qotishmalari texnikada katta rol o’ynaydi. Texnik nikel, kremniyli nikel, xromel, alyumel, nixrom, permalloy kabi Nikelli qotishmalar ko’p ishlatiladi. Texnik nikel — suyultirilgan toza nikelga oz miqdorda magniy, marganes va kremniy qo’shilib, aralashmalardan tozalab olinadi. Korroziyabardosh, atmosfera ta’siriga turg’un qotishma. U kimyo va oziq-ovqat sanoatida, elektro-texnikada, aniq mexanika asboblari yasashda ishlatiladi. Kremniyli nikel — texnik toza nikeldan marganes, mis, oltin-gugurt, uglerod va fosfor aralashmalarini yaxshilab tozalab olinadi. U radiolampalar, elektr-vakuum asboblari yasashda qo’llaniladi. Xromel — nikelning asosan xrom bilan qotishmasi va alyumel — nikelning asosan alyuminiy bilan qotishmasi; termoelektr yurituvchi kuchi yuqori. Shuning uchun ulardan 1000° gacha temperaturani o’lchaydigan termoparalar yasaladi. Permalloy — nikelning asosan temir bilan qotishmasi; magnit o’tkazuvchanligi yuqori, kuchsiz maydonlarda ham oson magnitlanish va magnitsizlanish xos-sasiga ega material; u elektrotexnika apparatlarining qismlarini yasashda ishlatiladi. Mexanik xossalarining yaxshiligi, kimyoviy tarkibiga qarab fizik-kimyoviy xossalarining turlicha bo’lishi tufayli Nikelli qotishmalar texnikaning turli sohalarida keng qo’llaniladi.