Novgorod respublikasi

Novgorod respublikasi – Rusning shimoliy-g’arbi va shimolda 1136— 1478 yillarda mavjud bo’lgan davlat. Poytaxti — Novgorod. Xo’jalik asosini dehqonchilik va chorvachilik tashkil qilgan. Ovchilik, asalarichilik, baliqchilik keng tarqalgan. Hunarmandchilik dehqonchilik bilan birgalikda olib borilgan. Boshqaruv organlari — boyarlar kengashi, episkop (so’ngra arxiepiskop), posadnik (shahar boshlig’i), mingboshilarni saylaydigan Veche bo’lgan. Knyazlar Veche bilan kelishilgan holda taklif etilgan va ular asosan lashkarboshilik qilishgan. Novgorod respublikasida shahar aholisining 80 ga yaqin norozilik chiqishlari, jumladan, qo’zg’olonlari bo’lgan. 13-15-asrlarda shvedlar va Livon ordeni agressiyasini muvaffaqiyatli qaytargan. Ivan III harbiy yurishlari natijasida rus davlatiga qo’shib olingan.