Ishim xazinasi
Ishim xazinasi – qadimgi buyumlar majmuasi. 1911 yil Achinsk shahridan 50 kilometr shimolda Ishimka qishlog’i yaqinida, taygadagi botqoqliklar orasidagi orolchadan topilgan. Bu yer miloddan avvalgi 1ming yillikdan boshlab ming yillar davomida aholi tomonidan ziyorat qilinadigan qurbongoh hisoblangan. Xazinadagi narsalar ma’budlarga qilingan sovg’alar va qadimgi shamanlik marosimlari bilan bog’liq bo’lgan. Ishim xazinasi, asosan, qurol-aslaha — temir qilichlar, xanjarlar, nayzalar, kamon o’qi uchlari (jez, temir), temir ko’zgular (mahalliy va Xitoyda ishlangan), “hayvoniy uslub”da bajarilgan tumor — zeb-ziynatlardan iborat. Ishim xazinasidagi o’zga yurtlardan keltirilgan turli buyumlar mo’yna yetkazib beruvchi mahalliy tayga ovchilarining uzoq o’lkalar bilan savdo aloqalaridan dalolat beradi. Ishim xazinasi Krasnoyarsk o’lkashunoslik muzeyida saqlanmoqda.