Impuls reaktor
Impuls reaktor — impuls rejimida ishlaydigan yadro reaktori. Impuls reaktorda qisqa muddatli quvvat impulslari va shunga muvofiq neytronlar va gamma-nurlar oqimi generasiyalanadi (hosil bo’ladi). Impulslar davomiyligi — bir necha mks dan bir necha s gacha. Impuls reaktor qisqa vaqt oralig’ida katta quvvat va intensiv neytronlar oqimi olishga imkon beradi. Impuls reaktorda zanjirli yadro reaktsiyasining jadal rivojlanishi hisobiga quvvat impulsi paydo bo’ladi. Buning uchun Impuls reaktorga ortiqcha miqdorda yadro yonilgisi kiritiladi yoki neytronlarni yutgichlar olib tashlanadi. Impulslarni “so’ndirish” uchun “ortiqcha” yadro yonilg’isi Impuls reaktordan olinadi. Impuls reaktor bir karrali va davriy xillarga bo’linadi. Ba’zi ilmiy tadqiqot ishlari va tajribalarda Impuls reaktor qo’llaniladi, unda yadro reaktorlariga ishlatiladigan materiallar sinaladi.