ASHULA VA RAQS ANSAMBLI

ASHULA VA RAQS ANSAMBLI – turli tarkibda tashkil topgan sozanda, xonanda va raqqoslar guruhi. Ilgarilari O’zbekistonda ham shunday ansambl (dasta)lar bo’lgan. Lekin ularni hozirgi ansambllarga tenglashtirib bo’lmaydi. Avvalo xotin-qizlar erlar bilan bir guruhda qatnasha olmas edi. Bazmlarda, xalq sayillari va yig’inlarda sozanda-xonanda, raqqos va qiziqchilar to’dasi qatnashsada, lekin ular o’z san’atini yakka-yakka namoyish qilar edilar. Keyinchalik yangi turdagi Ashula va raqs ansambllar vujudga kela boshladi. Hamza Hakimzoda Niyoziy, Muhiddin Qoriyoqubov, Tojizoda, keyinchalik To’xtasin Jalilov va boshqalar rahbarligida ansambllar tashkil topdi. O’zbekiston Respublikasida “Shodlik”, “Zarafshon”, “Lazgi” kabi professional Ashula va raqs ansambllari bor. Bulardan tashqari viloyatlarda xalq, folklor-etnografik va ko’pgina havaskor Ashula va raqs ansambli tashkil topgan: “Beshqarsak” (Urgut), “Mohi Sitora” (Buxoro), “Namangan olmasi” (Namangan), “Boysun”, “Shalola”, “Sariosiyo” (Surxondaryo), “Yoshlik”, “Orazibon” (Xorazm) va boshqalar. Ular xalq orasida an’anaviy o’yin-raqs va zamonaviy musiqa-xoreografiya san’atini targ’ibot etishda katta xizmat qilmoqdalar.