ASHURALI MEHTAR
ASHURALI MEHTAR (familiyasi Yusupov) (1893.11.7, Andijon— 1980.1.5, Toshkent) — o’zbek xalq sozandasi. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist (1944). Xalq dorbozlari va qo’g’irchoqbozlarning hamkori, mehtarlik san’ati an’analarining bilimdoni surnay, karnay, nog’ora yo’llarining ustasi. Ashurali Mehtar “Hujum”, “O’rtoqlar”, “Layli va Majnun”, “Farhod va Shirin” asarlariga musiqa bastalashda T. Jalilov, M. Tillayevlarga hamkorlik qilgan. U. Ismoilovning “Rustam” dramasiga musiqa bastalagan. Muqimiy nomidagi musiqali drama va komediya teatri sozandasi (1940-65). San’atshunoslik ilmiy tadqiqot institutida Ashurali Mehtar ijro etgan o’zbek an’anaviy musiqasi nodir yozuvlari saqlanmoqda. Ashurali Mehtar ijrosidagi Buzruk (savtlari bilan), Dugoh (ufor va savtlari bilan), Iroq (mushkiloti ufor, duchavalari bilan), Nasr (talqini bilan), Yalang Davron (Ufori bilan), Mustahzod (uforlari bilan), Navo (Savti, mushkiloti, charxlari bilan) kabi 40 dan ortiq mumtoz kuy Yu. Rajabiyning “O’zbek xalq musiqasi” to’plamidan o’rin olgan. U “Dorbozlar” va boshqa filmlarda xalq sozandasi sifatida qatnashgan. Ad.: Olimboeva K. Ahmedov M., O’zbekiston xalq sozandalari, T., 1959.