AEROSTAT
AEROSTAT (Aero… va Yunoncha states — qo’zg’almas) — havodan yengil uchish apparati. Bunda ko’tarish kuchi zichligi havo zichligidan kam bo’lgan, qobiq (ballon) ichiga to’ldirilgan gaz (vodorod, geliy) dan hosil qilinadi. Dastlabki Aerostatni Frantsiyada aka-uka Jozef va Eten Mongolfelar 1783 yilda uchirishgan. Boshqariladigan (dirijabllar) hamda boshqarilmaydigan Aerostatlar bo’ladi. Boshqariladigan Aerostatlarga dvigatel hamda havo vintlari o’rnatiladi. Geliy vodoroddan og’irroq bo’lishiga qaramay, Aerostatlarning qobig’i ko’pincha geliy bilan to’ldiriladi, chunki vodorod oson o’t olib ketishi mumkin. Boshqarilmaydigan Aerostatlar o’z vazifasiga ko’ra erkin va bog’lab qo’yiladigan Aerostatlarga bo’linadi. Stratostatlar, substratostatlar, havo sharlari erkin Aerostatlar bo’lib, ulardan ilmiy tadqiqot ishlarida, bog’lab qo’yiladigan Aerostatlardan harbiy maqsadlarda, meteorologik tadqiqotlarda foydalaniladi.