AHOLI XARAJATLARI

AHOLI XARAJATLARI – aholining tirikchilik o’tkazish uchun qilgan pul sarflari; aholi pul daromadlarining ishlatilishi. Aholining pul daromadi uning ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladi. Daromadlar iste’mol tovarlari va xizmatlarni xarid etish, turli to’lovlarni to’lash, jamg’arma hosil etish uchun sarflanadi. Aholi xarajatlarining ob’yektiv chegarasi daromad bo’lsa, uning sub’yektiv chegarasi daromad egasining didi, erki, nimani afzal ko’rishidir. Shu tufayli daromad bir xil bo’lsada, xarajatlar tarkibi turlicha bo’ladi. Daromad qanchalik ko’p bo’lsa, oziq-ovqat uchun sarflar qisqarib, sanoat mollari va xizmatlarni xarid etish xarajatlari, chunonchi, uzoq muddat xizmat qiluvchi qimmatbaho tovarlar xaridiga pul ko’proq sarflanadi. Shu jihatidan aholi turli toifalarining xarajatlari bir-biridan farqlanadi. Kambag’al oilalarda ovqatlanish xarajati ustivor bo’lsa, to’q va boy oilalarda kiyinish, dam olish, sayohat qilish, qimmatbaho tovar xarid etish sarflari ustun turadi. Iqtisodiyoti rivojlangan va xalqi farovon yashaydigan mamlakatlarda aholining oziq-ovqat uchun sarflari qisqarib, minimal darajaga tushadi. O’zbekistonda bozor iqtisodiyotiga o’tish davrida Aholi xarajatlari tarkibida o’zgarishlar paydo bo’ldi. Aholi xarajatlarida oziq-ovqat sarflari bilan bir qatorda, nooziq-ovqat tovarlarini xarid etish, pul jamg’arish va qimmatbaho qog’ozlarni orttirishga qaratilgan xarajatlar ham kuzatiladi. Ahmadjon O’lmasov.