ZANJILAR QO’ZG’OLONI

ZANJILAR QO’ZG’OLONI – Sharqiy afrikalik qullar (zanjilar) ning Iroq, va Xuzistondagi qo’zg’oloni (869— 883). Yetakchisi va nazariyotchisi — shia mazhabi targ’ibotchisi Ali ibn Muhammad. Qo’zg’olonchi qullarga mahalliy dehqonlar va badaviylarning Tamim qabilasi ham qo’shilgan. Qo’zg’olonchilar tez orada Obolla, Obodon, Ahvoz, Basra shaharlarini egallagan. Ular quldorlar va nazoratchilarni o’ldirib, shaharliklarning mollarini talaganlar, afrikalik qullarni ozod qilganlar. Zanjilar Janubiy Iroq va Xuzistonda o’z davlatlarini tuzib, Bag’dodga tahdid solganlar. Ammo, ayrim qullar quldorga aylanib, tinch aholini ham talagan. Natijada dehqonlar qo’zg’olondan chetlashgan. Xalifalik askarlari zanjilar poytaxti Muxtarani 3 yil qamal qilib qo’lga kiritgan. Zanjilar qo’zg’oloni shafqatsizlik bilan bostirilgan, zanjilar qaytadan qullikka solingan.