YOSH
YOSH (biologiyada) — organizmning tug’ilganidan boshlab uning o’sishi, rivojlanishi, voyaga yetishi va qarishidan iborat hayoti tavsifi. Odamlar Yoshi. Odamda kalendar Yosh (tug’ilgandan boshlab muayyan vaqtgacha o’tgan davr) va biologik Yosh bo’ladi. Biologik Yosh organizmdagi moddalar almashinuvi holati va bu jarayonlarning muayyan populyatsiya uchun mos kelishiga qarab belgilanadi. Umrning uzayishi va aktseleratsiyaning rivojlanishi bilan Yosh chegarasi to’g’risidagi tasavvur ham o’zgarib boradi. Odam uchun Yoshning eng yuqori chegarasi 115-125 yil xisoblanadi. Agar biologik Yosh kalendar yo.dan ilgarilab ketsa, u holda vaqtidan oldin qarish deyiladi. Odam Yoshiga ijtimoiy va iqtisodiy sharoit ham ta’sir ko’rsatadi. Hayvonlar Yoshi. Yovvoyi hayvonlar Yoshi ularni tutqinlikda (masalan, hayvonot bog’ida) kuzatish yoki halqalash, qishloq xo’jalik hayvonlari Yoshi ular tug’ilgan vaqtni qayd qilib qo’yish yoki ularni nishonlash orqali, ko’pchilik sut emizuvchilar Yoshi tishlarining yedirilishi yoki shoxlarining holatiga, baliqlar Yoshi tangachalariga, qushlar Yoshi patlariga qarab aniqlanadi. O’simliklar Yoshi urug’ning unib chiqishi yoki niholning rivojlana boshlashidan Yosh hisobga olinadigan davrgacha o’tgan vaqt bilan o’lchanadi. O’simliklar umri o’simlik turiga va u o’sayotgan sharoitga bog’liq. O’simliklar orasida bir necha haftadan (masalan, bahor erofilasi, efemerlar) bir necha ming yilgacha umr ko’radigan turlari (masalan, Avstraliya mikrozaliyasi) bor. Ko’pchilik daraxtlar uzoq yashaydi.
YOSH (huquqda) — qonunchilikda hisobga olinadigan omil. Qonun muayyan huquqiy oqibatlar boshlanishida odamning yoshini nazarda tutadi. Chunonchi, shaxs ma’lum yoshdan muomalaga layoqashlilik, harbiy xizmatni o’tash, pensiyalar tayinlanish va shu kabilar bilan bog’liq huquqlarga ega bo’ladi. Balog’at yoshi, ya’ni 18 yoshga to’lgan shaxs siyosiy huquq va erkinliklar (vakolatli organlarga saylash va saylanish huquqi va hokazolar) dan foydalanadi. Yoshning boshqa huquqiy munosabatlar uchun ham ahamiyati bor. Chunonchi, nikoh yoshi O’zbekiston Respublikasida erkaklar uchun 18 yosh, ayollar uchun 17 yosh etib belgilangan. Mehnatga oid huquqiy munosabatlarda voyaga yetmaganlar mehnati bilan bog’liq masalalar hisobga olinadi. O’zbekiston Respublikasi mehnat kodeksida yoshlar uchun qo’shimcha kafolatlar belgilangan. 18 yoshga to’lmagan shaxslarning mehnat huquqlari, ular mehnatidan foydalanish taqiqlanadigan ishlar, ular uchun qisqartirilgan ish vaqtining muddati, mehnat ta’tili berish va shu kabilar belgilab qo’yilgan. O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksiga ko’ra, sodir etilgan jinoyat uchun 16 yoshga to’lgan jismoniy shaxslar, javobgarlikni og’irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o’ldirganlik uchun — 13 yoshga to’lgan shaxslar javobgarlikka tortiladi. Odamning necha Yoshdaligini fuqarolik holatlari hujjatlarini qayd etish idoralari bergan guvohnoma tasdiqlaydi. Agar bunday hujjat yo’q taqdirda, amaldagi qonunchilikda boshqa tartib nazarda tutilmagan bo’lsa, Yosh to’g’risidagi masala sud tomonidan ko’rib chiqiladi.