YOSH XIVALIKLAR

YOSH XIVALIKLAR — Xiva xonligida jadidlar tashkil qilgan partiya (firqa) (1914-21). O’z safida milliy ziyolilar, hunarmand, dehqon, savdogarlar, islom ulamolari va ayrim davlat amaldorlarini birlashtirgan. 1914-yil avgustda Yosh xivaliklar partiyasiga Polvonniyoz hoji Yusupov asos soldi. Jumaniyoz Boboniyozov, Bobojon Yoqubov, Jumaniyoz Sultonmurodov, Nazir Sholikorov, Sultonqori Jumaniyozov, Xudoybergan Devonov, Husaynbek devonbegi Matmurodov, Muhammadyorxo’ja Abdullayev partiyaning faollari edi. Partiyaning e’lon qilingan dasturida xon hokimiyatini cheklaydigan islohotlar o’tkazish, mamlakatda konstitusiyaviy monarxiya o’rnatish, xalqni ma’rifatli qilish mo’ljallangan.