YOSH TURKLAR

YOSH TURKLAR — 19 asr oxiri va 20 asr boshlarida Usmonli turk imperiyasidagi inqilobiy harakat qatnashchilari, “Ittihod va taraqqiy” partiyasi a’zolari. Yosh turklar (ular dastlab o’zlarini yangi Usmonlilar deb atashgan) ning asosiy maqsadi Sulton Abdulhamid II (1842— 1918) ning istibdodini konstitutsion tuzum bilan almashtirish, Turkiyada ajnabiylar hukmronligiga qarshi kurash va demokratik jamiyat qurish bo’lgan. Ziyo Go’kalp (1876-1924) Yosh turklarning asosiy mafkurachisi edi. Yosh turklar mamlakatda norozilik mitinglari va namoyishlarni doimiy ravishda o’tkazib turgan. Abdulhamid II ularga qarshi shafqatsiz kurash olib bordi. 1908 yil sultonlikka qarashli Makedoniyada Yosh turklarning ta’siri nihoyatda kuchaydi, ularning tashkilotiga 15000 kishi a’zo bo’ldi. Bu paytda Makedoniyada ijtimoiy-siyosiy va etnik vaziyat ham ancha keskinlashgan edi. 1908 yil 3 iyulda Resne shahrida leytenant Ahmad Niyoziy rahbarligida partizan otryadlari, 6 iyulda mayor Anvarbey boshchiligida askarlar Sulton zulmiga qarshi qo’zg’olon ko’tardi. Oradan ko’p o’tmay bu inqilobga Makedoniyadagi turk harbiy qismlari qo’shildi. Yosh turklarning Salonikidagi “Ittihod va taraqqiy” qo’mitasi unga rahbarlik qildi. 23 iyulda Yosh turklarning inqilobchi otryadlari Makedoniyaning Saloniki, Monastir va boshqa shaharlariga tantanali ravishda kirib keldi. Inqilob tez orada mamlakatning Sinop, Trabzon, Diyorbakr, Badlis, Izmir kabi Markaziy shaharlariga ham tarqaldi. 24 iyul kechqurun Sulton Abdulhamid II Turkiyada 1876 yildagi Konstitutsiyani qayta tiklash va parlamentga saylov o’tkazish to’g’risidagi farmonni imzolashga majbur bo’ldi. Mamlakatda Yosh turklar inqilobi g’alaba qozondi. Turkiyada demokratik erkinliklar o’rnatildi, 40000 siyosiy mahbus ozod qilindi, siyosiy muhojirlarga o’z vataniga qaytish uchun ruxsat berildi. Saltanatdagi barcha fuqarolar teng huquqli Usmonlilar deb e’lon etildi, ko’plab gazeta va jurnallar chiqarildi. Biroq 1909 yil aprelda Abdulhamid II G’arb davlatlarining yordamiga tayanib, istibdod siyosatini qayta o’rnatdi. Makedoniyadan chaqirilgan armiya yordamida aksilinqilob tez orada bostirildi. Ammo 27 aprelda Abdulhamid II taxtdan tushirilib, Yosh turklar Muhammad V Rashidni (hukmronligi: 1909-18) Sulton deb e’lon qildilar. Hokimiyatda asosiy o’rinni Yosh turklarning yo’lboshchilari Tal’at Posho, Anvar Posho, Jamol Posho egallay boshladi. Italiyaturkiya urushi (1911 -12) da Turkiya yengilgach, 1911 yilda ittihodchilardan ajralib chiqqan muxolifatdagi “Hurriyat va i’tilof” jamiyati bundan foydalanib, 1912 yil hokimiyatni egalladi. Lekin 1913 yil yanvarda bo’lgan harbiy to’ntarish natijasida Turkiyada yana Yosh turklar hokimiyati to’liq o’rnatildi. Tal’at Posho, Anvar Posho, Jamol Poshodan iborat triumvirat (uchlik) hokimiyatni boshqara boshladi. Ular turkchilik va islomchilik siyosatini izchil davom ettirib, tashqi faoliyatda Germaniyaga yaqinlashdilar. Turkiya Germaniya tomonida turib birinchi jahon urushtz. tortildi. Turkiya Iroq, Hijoz va Misrda Angliyaga qarshi, Kavkaz va Eronda Rossiyaga qarshi jang harakatlarini olib bordi. Turkiya urushda yengilgach, Yosh turklar hukumati iste’foga chiqdi. Jamol Posho va Anvar Posho keyinchalik Turkistonga kelishdi. Yosh turklar faoliyati taqiklandi. Ad.: Ziyo Go’kalp, turkchilik asoslari, T., 1994; Rajabov Q. K., Mustaqil Turkiston fikri uchun mujodalalar, T., 2000; O’zbekistonning yangi tarixi, 1kitob [Turkiston chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida], T., 2000. Qahramon Rajabov.