O’ZBEKISTON “ADOLAT” SOTSIAL-DEMOKRATIK PARTIYASI

O’ZBEKISTON “ADOLAT” SOTSIAL-DEMOKRATIK PARTIYASI (“Adolat” SDP) — O’zbekistondagi siyosiy partiyalardan biri. 1995 yil 18 fevralda partiya ta’sis qurultoyida tuzilib, dasturi va Ustavi qabul qilingan va shu kuni O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro’yxatdan o’tgan. Partiyaning bosh maqsadi — Vatan mustaqilligini mustahkamlash, islohotlarning jadallashuviga, huquqiy-demokratik, adolatli fuqarolik jamiyati barpo etish va pirovardida, O’zbekistonni jahonda rivojlangan mamlakatlar safidan mustahkam o’rin olishiga munosib hissa qo’shish. Partiyaning g’oyaviy negizini sotsial-demokratiyaning 3 asosiy printsipi: siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy adolat tashkil etadi. Qonun ustuvorligini ta’minlovchi adolatli ijtimoiy munosabatlar o’rnatilgandagina ddil jamiyat qurish mumkin bo’ladi. “Adolat” partiyasi ushbu yo’nalishdagi ishlarni bajarishni o’zining asosiy vazifasi deb hisoblaydi. Partiya o’rtahol va kam ta’minlangan aholi tabaqalariga tayanadi hamda ularning siyosiy, ijtimoiy irodasini namoyon etishga intiladi. Partiyaga 50411 kishi a’zo (2005 yil 1 yanvar). Ular 3120 dan ortiq boshlang’ich partiya tashkilotlariga Birlashgan. Partiya a’zolarining 30,1 foizi ziyolilar, 24,1 foizi ishchilar, 10,3 foizi dehqonlar va qishloq xo’jaligi xodimlari, 11,4 foizi nafaqachi va pensionerlar, 10,2 foizi xizmatchilar, 7,4 foizi tadbirkorlar, 6,4 foizi talabalardir. Qoraqalpog’iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar hamda mamlakatning deyarli barcha shahar, tumanlarida partiya Kengashlari faoliyat ko’rsatmoqda. Samarqand, Toshkent va Farg’ona viloyat partiya tashkilotlari yirik tashkilotlardir. Qurultoy — partiyaning oliy organi. U partiya siyosiy kengashi tomonidan kamida 5 yilda bir marta chaqiriladi. Siyosiy kengash doimiy ishlovchi partiya rahbar organidir. “Adolat” SDPning O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraktsiyasi 10 deputatdan tashkil topgan. Fraktsiya rahbari — partiya siyosiy kengashi birinchi kotibi D.G’.Toshmuhamedova. “Adolat” gazeta partiyaning nashriy organidir. Ravshan Haydarov.