O’ZBEKISTON DAVLAT SAN’AT MUZEYI
O’ZBEKISTON DAVLAT SAN’AT MUZEYI — madaniy-ma’rifiy, ilmiy muassasa; O’rta Osiyoda ilk bor tashkil etilgan badiiy muzey. 1918 yilda Toshkent shahrida Xalq universiteti muzeyi sifatida asos solingan; keyinchalik Markaziy badiiy muzey, 1924 yildan Toshkent san’at muzeyi, 1935 yildan hozirgi nomda. Muzey Toshkentda yashagan Knyaz N.K.Romanovning shaxsiy to’plami (rus va G’arbiy Yevropa rassomlari yaratgan portret va tarixiy kartinalar, grafika va haykaltaroshlik asarlari, badiiy mebel, chinni buyumlar va boshqalar) negizida vujudga kelgan. Turkiston o’lkashunoslik muzeyining badiiy bo’limidan va boshqalar muzeylarning fondlaridan, shaxsiy to’plamlardan san’at asarlari keltirilib boyitilgan (V.L. Borovikovskiy, K. P. Bryullov, V. A. Tropinin, I.M.Nikitin, O.A.Kiprenskiy, I.K.Ayvazovskiy, S.V.Ivanov, I.N. Kramskoy, N.N.Ge, A.K. Savrasov, I. I.Shishkin, V.G. Perov va boshqalar); muzeyda 19-asr rus rassomlarining Nodir asarlari to’plangan (I.E.Repin, V. A. Serov, I.I. Levitan, N.K.Rerix va boshqalar). Muzey fondi 50 mingdan ziyod eksponatga ega (2005), tomoshabinlar soni yiliga 250 mingdan oshadi. Muzeyda O’zbekiston xalq amaliy san’ati, O’zbekiston tasviriy san’ati, rus san’ati, G’arbiy Yevropa san’ati, xorijiy Sharq xalklari san’ati bo’limlari, xazina, ta’mirlash ustaxonasi, fotolaboratoriya bor, lektoriy tashkil etilgan. Muzey ilmiy muassasa sifatida O’zbekiston tasviriy san’ati bo’yicha ilmiy tekshirish ishlari olib boradi: san’at asarlari sotib oladi, ularni ilmiy yoritadi, muzey xazinasidagi san’at asarlarini tahlil qiladi, tavsiflaydi, ilmiy asarlar, katalog, albomlar nashr etadi (masalan, “Yapon gravyurasi O’zbekiston davlat san’at muzeyi to’plamida” katalogi; “Davlat san’at muzeyi” albomi, “Toshkentda eng yaxshi” turkum ma’lumot kitobi va boshqalar), xazinasidagi san’at asarlari asosida mavzuli ko’rgazmalar tashkil etadi, chet mamlakatlar (AQSh, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Frantsiya, Shveytsariya, Rossiya, Xitoy, Yaponiya va boshqalar) ko’rgazmalarida ishtirok etadi (jumladan, “ekspo—2000” xalqaro ko’rgazmasi, Germaniyada; xalqaro gilamdo’zlik ko’rgazmasi hamda “qadimshunoslik va amaliy san’at”, AQShda va boshqalar). Ayniqsa, mustaqillik yillarida xorijiy mamlakatlar bilan ijodiy aloqalar kengaydi. Muzey xalqaro muzeylar qo’mitasi (IKOM) a’zosidir. Muzeyga turli davrlarda Sh. Hasanova, S.Abdullayev, D.Ro’ziboyev rahbarlik qilgan; 1997 yildan muzey rahbari Nasiba Ibrohimova. Muzey ekspozitsiyasi san’at janri va turlariga ajratilgan holda xronologik tartibda tuzilgan. Har bir zaldagi eksponatlar san’at turlari, maktablari, an’analar va hozirgi rivojlanish markazlariga qarab joylashtirilgan. Ekspozitsiya O’zbekistonning qadimiy san’at yodgorliklari — Zarautsoy rasmlari, Xolchayondan topilgan haykallarni, so’ng O’zbekiston xalq amaliy bezak san’atini namoyish etish bilan boshlanadi. O’rta Osiyoda yashab ijod etgan rassomlar (I.S.Kazakov, N.N.Karazin, R.K.Zommer va boshqalar)ning 250 ga yaqin san’at asarlari to’plangan, shu yerda ishlagan rassom P. Benkov, A. Volkov, M.I.Kurzin, Usto Mo’min (A. Nikolaev), O. Tatevosyan, V. Ufimtsev, N.V.Kashina, Z.M.Kovalevskaya va boshqalarning asarlariga ekspozitsiyadan alohida o’rin berilgan. Muzey fondining katta qismini O’zbekiston tasviriy san’ati asarlari tashkil qiladi: O’zbekiston tabiat kuychisi O’. Tansiqboyev, A. Abdullayev, Ya.Abdullayev, Sh. Hasanova, Ch.Ahmarov, R. Ahmedov, N.Qo’ziboyev, S. Abdullayev, R.Choriyev ijodi, tasviriy san’at taraqqiyotidagi ularning hissasi muzey ekspozitsiyalarida o’z aksini topgan. Muzey, shuningdek, boy o’zbek amaliy san’ati to’plamiga ega: ganch, yog’och va tosh o’ymakorligi namunalari, zargarlik, gilamchilik, kashtado’zlik, kulollikka mansub qimmatli buyumlar o’zbek xalqining qadimiy va boy amaliy bezak san’ati haqida mukammal ma’lumot beradi. Muzeyda G’arb (Italiya, Ispaniya, Germaniya, Niderlandiya, Frantsiya, Buyuk Britaniya) va Sharq (Hindiston, Xitoy, Yaponiya, Vetnam, Myanma) mamlakatlarining tasviriy san’at asarlari va amaliy san’ati namunalariga keng o’rin berilgan. Muzey dastlab Knyaz N.K.Romanov saroyida, 1935-66 yillar Xalq universiteti binosida joylashgan, 1974 yildan (1966 yil Toshkent zilzilasida vayron bo’lgan Xalq universiteti binosi o’rnida) muzey uchun maxsus qurilgan binoda (me’morlari I.Abdulov, A.K.Nikiforov, S.A.Rozemblyum). Bino tarhi sodda kub shaklida, tarzlari metall sinch (karkas) li konstruktsiyalar bilan to’rtburchak shaklli qismlarga bo’lingan, poydevor va peshtog’i kulrang marmar bilan qoplangan. Muzey binosida 1997 yildan qayta qurish va ta’mirlash ishlari olib borildi; binoning 4 tomoniga O’zbekistonda ishlab chiqarilgan zamonaviy oynalar o’rnatildi, ular zallarni bir xilda mayin yoritib turishi san’at asarlarini tabiiy yorug’likda ko’rish imkonini beradi. Muzey zamonaviy qo’riqlash va yong’inga qarshi asbob-uskunalar, kompyuterlar bilan jihozlandi. Nasiba Ibrohimova.