O’ZBEKISTON MILLIY AXBOROT AGENTLIGI

O’ZBEKISTON MILLIY AXBOROT AGENTLIGI (O’zA) — O’zbekistondagi yetakchi informatsion agentlik. Axborotlarni o’zbek, ingliz va rus tillarida tarqatadi. U o’z faoliyatini Toshkentda 1918 yildan RosTAning bo’limi sifatida boshlagan. Keyinchalik TASS tizimida respublika telegrafaxborot agentligi — O’zTAG maqomida ish yuritgan. O’zbekiston mustaqillikka erishgach, O’zbekiston Prezidenti Islom Karimovning 1992 yil 6 Fevraldagi Farmoni bilan O’zbekiston Milliy axborot agentligi — O’zA sifatida qayta tashkil etildi. O’zA — O’zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlisi va Vazirlar Mahkamasi faoliyati bilan bog’liq rasmiy hujjatlarni asl manbadan olib, tezkorlik bilan tarqatadigan yagona davlat axborot agentligidir. O’zAda dunyodagi yirik, xususan, Xitoy, Turkiya, Rossiya, AQSh va boshqalar mamlakatlarning axborot agentliklari bilan axborot almashinuvi yaxshi yo’lga qo’yilgan. O’zA mamlakat ichkarisida va xorijda mingdan ortiq obunachiga ega; O’zA axboroti hamda suratlaridan foydalanuvchilar orasida nafaqat gazeta va jur.nallar, televideniye va radiostantsiyalar, balki O’zbekistondagi, MDH davlatlaridagi va boshqalar mamlakatlardagi elchixonalar, biznes markazlar, vazirliklar va idoralar ham bor. Agentlikning Respublika axboroti, mahalliy axborot, xalqaro axborot, tarjima va Fotoaxborot tahririyatlari mavjud. O’zA mamlakatning barcha viloyatlari va Qoraqalpog’iston Respublikasida o’z muxbirlari va fotomuxbirlariga ega. Noragi Ochilov.