O’ZBEKISTON “MILLIY TIKLANISH” DEMOKRATIK PARTIYASI
O’ZBEKISTON “MILLIY TIKLANISH” DEMOKRATIK PARTIYASI (O’zMTDP) — O’zbekistondagi siyosiy partiyalardan biri. 1995 yilning 3 iyunida bo’lib o’tgan ta’sis qurultoyida tashkil topgan. O’zMTDP teran milliy ruh va dunyoqarashga ega bo’lgan, ruhan va qalban vatanparvarlik g’oyalarini, siyosiy jihatdan o’z taqdirini o’zi belgilashga, o’z-o’zini boshqarishga intilayotgan, o’zligini anglash, milliy birlik va milliy tiklanishni muhim hayotiy maqsadlari deb ifoda etayotgan fuqarolarning qarashlari va manfaatlarini birlashtiradi. O’zMTDP ziyolilar, milliy taraqqiyot yo’lidan borayotgan mulkdor va tadbirkorlar, ijodiy faoliyat bilan mashg’ul intellektual mehnat sohasi vakillari, istiqlol g’oyasiga sadoqatli yoshlar, o’z manfaatlarini umummilliy manfaatlar bilan uyg’unlikda ko’rayotgan fuqarolar hamda partiyaning dasturiy maqsadiga xayrixoh boshqa ijtimoiy tabaqalarga suyanadi va ularning manfaatlarini himoya qiladi. Partiyaning oliy organi Qurultoy bo’lib, partiya Markaziy kengashi tomonidan kamida 5 yilda bir marta chaqiriladi. Qurultoylar oralig’ida partiyaning doimiy ishlaydigan rahbar organi — Markaziy kengash (hay’at)dir. Qoraqalpog’iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar partiya kengashlari partiyaning mintaqaviy tashkilotlari hisoblanadi. Shahar va tumanlarda O’z MTDPning shahar va tuman kengashlari faoliyat yuritadi. Partiya o’z atrofiga 50 mingdan ortiq a’zoni birlashtirgan (2005). O’zMTDP 1999 yil 8 dekabrda ilk bor O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga bo’lib o’tgan saylovlarda ishtirok etdi va parlamentda 12 deputatdan iborat o’z fraktsiyasini tuzdi. Fraktsiya a’zolari parlament qo’mitalari va komissiyalari tarkibida Qonunchilik faoliyatini olib bordi, Oliy Majlisning barcha ish yo’nalishlarida, nazorattahlil jarayonida, mafkuraviy-ommaviy tadbirlarda ishtirok etdi. 2004 yil 26 dekabrda ikki palatali parlamentga o’tkazilgan saylovlarda 11 nafar partiya a’zosi Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi deputati etib saylandi. Partiyaning Qonunchilik palatasidagi fraktsiyasiga partiya Markaziy kengashi raisi X.N. Do’stmuhamedov rahbarlik qiladi. O’zMTDPning nashri “Milliy tiklanish” gazetasidir.