“O’ZMEVASABZAVOTURUG’SANOAT”

“O’ZMEVASABZAVOTURUG’SANOAT” — respublikada rayonlashtirilgan sabzavot, poliz va ozuqabop ildizmevali ekinlar urug’chiligiga ixtisoslashgan uyushma; elita, superelita va 1-reproduktsiya urug’larini yetishtirish bilan shug’ullanadi. 2003 yil 24 dekabrda “O’zsabzavotnavurug’lari” (1996) uyushmasi negizida tashkil etilgan. Toshkent shahrida joylashgan. Tarkibida 54 korxona va tashkilotlar (17 sabzavot, poliz va ozuqabop ildizmevali ekinlar urug’chiligiga ixtisoslashgan shirkat xo’jaliklari, 10 viloyat “Sabzavotnavurug’lari” hissadorlik va mas’uliyati cheklangan jamiyatlar, 3 ta xususiy urug’chilik firmalari hamda 24 ta vino va konserva mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qayta ishlash korxonalari) bor. Respublika xo’jaliklarining elita, superelita va navli urug’lar va umuman urug’likka bo’lgan yillik ehtiyojini to’liq ta’minlaydi. Uyushma elita va navli urug’lik etishtirish rejalarini ishlab chiqadi, mamlakatdagi savbzavot, poliz, ildizmevali ekinlar urug’chiligini muvofiqlashtiradi, davlat urug’lik zaxira jamg’armalarini yaratadi, urug’lik eksporti va importini olib boradi, navli urug’likni sotadi. Urug’chilikni ilmiy asosda olib borish maqsadlarida O’zbekiston sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tekshirish instituti bilan hamkorlik qiladi. 5 ming ga ga yaqin yer maydoniga ega bo’lgan urug’chilik xo’jaliklarida 5420 tsentner sabzavot ekinlari, 1015 tsen poliz ekinlari urug’ligi yetishtirildi (2004). Urug’chilik sohasida Rossiya, Ukraina, Belorussiya, Qozog’iston va Ozarbayjondagi ilmiy va urug’chilik muassasalari hamda firmalari bilan hamkorlik aloqalari o’rnatilgan. Ukrainaning Chernigov shahrida uyushmaning vakolatxonasi ochilgan. Moskva, Yekaterinburg va Vladikavkaz shahrilarida savdo uylarini ochish tadbirlari olib borilmoqda. Rustam Eltoyev.