YEREMYAN VARSHAM NIKITOVICH

YEREMYAN VARSHAM NIKITOVICH [1897.6(19).12, tog’li Qorabog’, Darnavarz qishlog’i — 1963.12.2, Toshkent] — kino rassomi, grafik, rangtasvirchi rassom. O’zbekiston xalq rassomi (1944). Samarqand rassomlik maktabida (1918-21), O’zbekiston rassomlari uyushmasi qoshidagi rassomlar malakasini oshirish studiyasida (1939-40) o’qituvchi. 1934 yildan kinoda, 1944 yildan “O’zbekfilm”da bosh rassom. Ijodini Samarqand manzaralari aks ettirilgan etyudlar yaratish bilan boshlagan (Samarqand me’moriy obidalari aks etgan etyudlar turkumi, 1910-50 yillar). Yeremyanning kinodagi ijodi (“Nasriddin Buxoroda”, 1944; “Tohir va Zuhra”, 1946; “Alisher Navoiy”, 1947 va boshqalar) O’rta Osiyo xalqlari madaniyati va maishiy hayotini tarixiy badiiy yoritilishining teranligi, koloritni chuqur his qilinishi, kompozitsiya yechimi bilan ajralib turadi. Shuningdek, portretlar (“Avtoportret”, 1926) chizgan, kitoblarni badiiy bezagan (S. Ayniyning “Qullar”, “eski maktab” asarlarini birinchi bo’lib bezagan; “tojik folklori”, “O’zbek xalq ertaklari” va boshqalar).