FIZIK KIMYOVIY ANALIZ

FIZIK KIMYOVIY ANALIZ – modda yoki sistemaning fizik xossalari bilan uning tarkibi o’rtasidagi bog’liqlikni o’rganadigan kimyoviy termodinamika usuli. Fizik kimyoviy analizda sistemaning turli fizik xossalari, ko’pincha fazaviy o’tish temperaturasi va boshqa issiqlik xossalari (issiqlik o’tkazuvchanligi, issiqdik sig’imi, issiqlikdan kengayishi), elektr (elektr o’tkazuvchanligi, dielektrik singdiruvchanligi), optik (sindirish ko’rsatkichi), zichlik, qovushqoqlik, qattiqlik kabi xossalari o’rganiladi. Tekshirilayotgan ob’yektning rentgen strukturaviy analizi, mikroskopik metallografiya va boshqa usullari bilan aniqlanadigan tavsiflaridan ham foydalaniladi. Fizik kimyoviy analizning asosiy usuli — xossa (tarkib) o’zgarishi bilan holat o’zgarishi (tarkib — temperatura, tarkib — bosim va hokazolar) ning geometrik analiziga asoslangan. Chunki fazalar muvozanatlarini analitik aniqlash usuli qiyin bo’lib, fazalar sohasini taqriban aniqlay oladi. Diagrammalarni geometrik analiz qilish usuli faza strukturasi va tarkibining o’zgarishini to’g’ri aniklashga imkon beradigan yagona usul hisoblanadi. Bu Fizik kimyoviy analizning ba’zi ko’p fazali, ko’p komponentoy sistemalar — qotishmalar, minerallar, eritmalar, karbidlar, oksidlar, yarim o’tkazgich va o’ta o’tkazgich materiallar, organik birikmalardan iborat sistemalar va boshqalarni tadqiq qiluvchi muhim usulga aylanishiga keng yo’l ochadi. Fizik kimyoviy analiz kimyo va kimyotexnologiyaning barcha sohalarida, shuningdek, metallurgiya, geologiya mineralogiya tadqiqotlarida va boshqalarda qo’llanadi.