FIZIKA-TEXNIKA INSTITUTI

FIZIKA-TEXNIKA INSTITUTI, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Starodubtsev nomidagi Fizika texnika instituti — fizika va texnikaning ayrim sohalari bo’yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib boradigan ilmiy muassasa. SSSR Fanlar Akademiyasi O’zbekiston filialining Fizika-texnika laboratoriya asosida 1943 yil tashkil etilgan. 1967 yildan uning asoschilaridan biri S.V. Starodubtsev nomi bilan atalgan. Institutdagi yo’nalishlar va laboratoriyalar asosida 1956 yilda yadro fizikasi instituti, 1967 yilda elektronika instituti va 1993 yilda Materialshunoslik instituti tashkil qilinib, undan ajralib chiqqan. Institutdagi 10 ilmiy laboratoyada 4 yo’nalish — yuqori energiyalar va kosmik nurlar fizikasi, yarimo’tkazgichlar fizikasi, qattiq jismlar fizikasi va quyosh energiyasidan foydalanish muammolari bo’yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib boriladi. Institutda yuqori energiyalar va kosmik nurlar fizikasi sohasida — atmosferadagi elektronyadro jalalari kashf qilindi hamda ularning xususiyatlari o’rganildi. Protonlarning yadroda kogerent difraktsion dissotsiatsiyasi hodisasi jahonda birinchi bo’lib aniqlandi. Yarim o’tkazgichlar fizikasi sohasida — kondensirlangan qattiq materiallarda charchashdan shikastlanish boshlang’ich jaraenlarining qanday kechishi jahonda birinchi bo’lib o’rganildi. Yarimo’tkazgich xossasiga ega bo’lgan qattiq eritmalarning bir necha turi hosil qilindi va fizikaviy xossalari o’rganildi. O’ta yuksak chastota (O’YuCh)li diodlar, yarimo’tkazgichlarda tez kechadigan elektron jarayonlarni o’rganish uchun mo’ljallangan asboblar, tasvirni uzatuvchi fotodiod matrisalar, kremniy, litiyli detektor, yog’du diodlari, tenzodatchiklar va b. asboblar ishlab chiqildi. Qattiq jismlar nazariyasi bo’yicha — galayonlanish nazariyasining variasion uslubi rivojlantirildi va birinchi marta muayyan to’lqinli optik solitonlar ta’sirlashuvlari hamda fluktuasiyalar ta’siridagi solitonlar dinamikasini o’rganishga tatbiq qilindi. Fizika-texnika instituda quyosh energiyasida foydalanish sohasida keng ilmiy texnika ishlari olib boriladi. Stirling dvigateli asosida ishlovchi quyosh energetika qurilmalari modullarining tajribaviy nusxalari yaratildi. Institutda 1965 yildan beri «Geliotexnika» jurnali nashr etiladi. Intda har yili 10 dan ortiq xalqaro grantlar va shartnomalar bo’yicha ilmiy izlanishlar olib boriladi. Institut qoshida hamma 4 yo’nalish bo’yicha aspirantura va 2 yo’nalish bo’yicha doktorantura, doktorlik ilmiy darajasi berish huquqiga ega bo’lgan 2 ixtisoslashtirilgan kengash mavjud. Intda 5 O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademik 17 fan doktori va 35 fan nomzodi faoliyat ko’rsatadi (2004). Institut faoliyati G.M.Avakyans, E.Adirovin, S.K.Azimov, U.O.Oripov, M.S.Saidov, S.V.Starodubtsev, Su.Umarov, G’.Yo.Umarov va boshqa olimlar nomi bilan bog’liq.