GO’SHT SANOATI
GO’SHT SANOATI – so’yilgan molni kompleks tarzda qayta ishlovchi sanoat tarmog’i, oziq-ovqat sanoatining muhim sohasi. Go’sht sanoati korxonalarida qoramol, qo’y-echki, parranda, quyon va boshqalar so’yilib, undan go’sht olinadi, go’sht konservasi, kolbasa mahsulotlari, yarim tayyor fabrikatlar (kotlet, chuchvara, pazandachilik mahsulotlari) tayyorlanadi; shuningdek chorvaga yem sifatida ishlatiladigan go’sht va suyak uni, qimmatbaho tibbiy preparatlar (insulin, geparin, lipokain va boshqalar), aminokislotalar, shuningdek, yelim, parranda pari va pati, jelatin ishlab chiqariladi. Go’sht sanoatida ishlab chiqariladigan mahsulotlarning xili 400 dan oshadi. Ko’pgina mamlakatlarda go’sht va go’sht mahsulotlarini ishlab chiqarish asosan 20-asr o’rtalaridan sanoat miqyosida rivojlana boshladi. 30-40-yillarga kelib yirik go’sht kombinatlari qurildi. Ishlab chiqarishda zamonaviy mashina va apparatlarni qo’llash, ishlab chiqarish jarayonlarini mexanizatsiyalash natijasida Go’sht sanoatida mahsulot yetishtirish salmog’i oshib bordi. Masalan, AQSh da go’sht yetishtirish yaxshi taraqqiy etgan bo’lib, jami so’yilgan mollarning 95% ga yaqini sanoat usulida qayta ishlanadi. Shuningdek, Argentina, Urugvay, yangi Zelandiya, Avstraliya va boshqa davlatlarda ham bu borada katta yutuqlarga erishilgan. G’arbiy Yevropaning qator mamlakatlarida qoramol so’yish kommunal kushxonalarda, kolbasa mahsulotlari, konservalar va boshqalar go’sht mahsulotlari ishlab chiqarish esa maxsus korxonalarda, shuningdek magazinlar qoshidagi mayda qassobxonalarda amalga oshiriladi. Go’sht ishlab chiqaruvchi asosiy mamlakatlar — Yevropa, shimoliy Amerika mamlakatlari, Xitoy. Jahonda aholi jon boshiga go’sht iste’mol etishning o’rtacha yillik hajmi 35 kilogramm atrofida, uning eng kam darajasi Afrika mamlakatlari, Janubiy Amerika va Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga, yuqori darajasi esa asosiy go’sht ishlab chiqaruvchi mamlakatlarga to’g’ri keladi (yiliga o’rtacha 120-130 kilogramm). Keyingi davrda G’arbiy Yevropa va AQShda go’sht yetishtirishda parranda go’shtini ishlab chiqarish ko’payib bormoqda. Jahon bo’yicha yalpi go’sht ishlab chiqarish 225,9 million tonna (1999). O’zbekistonda ham sanoatning bu tarmog’i asosan 30-yillardan boshlab shakllandi. Bunga qadar aholini go’sht bilan mayda va tarqoq qassobxona hamda kushxonalar ta’minlab kelgan. Ot go’shtidan qazi, qoramol, qo’y go’shtidan uzoq muddat saqlanadigan quritilgan, qovurilgan go’sht mahsulotlari tayyorlangan. 1905 yilda toshkentlik boy Orifxo’ja Azizxo’jayev Turkiston o’lkasida dastlabki zavod tipidagi kushxonaga asos solgan. 1929 yilda bu kushxona negizida Toshkent go’sht kombinati tashkil etiladi. 1932 yilda Go’sht sanoati respublika xalq xo’jaligi rejasiga alohida sanoat tarmog’i sifatida kiritildi. O’sha yili Toshkent, Samarqand, Andijon, Buxoro, Kattaqo’rg’on, Termiz, Qarshi, Qo’qon sh.laridagi 8 ta shahar qassobxonasi, Samarqand va Buxorodagi muzxona (muzlatkich)ni birlashtirgan “O’zgo’shtsovitishsanoat” tresti tashkil etildi. Keyinchalik bu trest tarkibiga Olmaliq, Chirchiq, Namangan, Yangiyo’l shaharlaridagi kushxonalar, Xo’jayli, Urganch mol so’yish punktlari va Toshkent muzxona kombinati ham kirdi. 1955-65 yillarda Buxoro, Xo’jayli, Urganch (hammasi 1956 yilda), Termiz (1960), Shaxrisabz (1965) go’sht kombinatlari qurildi. 1965 yilda Respublika go’sht va sut sanoati vazirligiing tashkil etilishi bilan. Go’sht sanoati korxonalari qurilishi jadallashdi. Chirchiq, Farg’ona, Kattaqo’rg’on, Samarqand go’sht kombinatlarida yuqori quvvatga ega bo’lgan kolbasa tsexlari qurildi. 1949 yilda O’zbekistondagi 14 go’sht kombinatining smena quvvati 82 tonna go’shtni qayta ishlash, 17,2 tonna kolbasa mahsulotlari ishlab chiqarish darajasida bo’lsa, 1979 yilda 18 go’sht kombinatining smena quvvati 438,5 tonna go’shtni qayta ishlash va 125,5 tonna kolbasa mahsulotlari ishlab chiqarishgacha ortdi. 1970— 1995 yillarda Samarqand, Navoiy, Urganch, Jizzax va Namangan go’sht kombinatlari qurib ishga tushirildi, Buxoro, Farg’ona, Termiz, Xo’jayli, Qarshi, Shahrisabz go’sht kombinatlari qayta ta’mirlanib, quvvatlari oshirildi. Ko’pgina korxonalar yangi texnologiyalarni qo’llash asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turlarini ko’paytirishga erishdilar. Respublika mustaqillikka erishgandan keyin boshqa sohalardagi singari go’sht sanoati sohasida ham chuqur tashkiliy va iqtisodiy islohotlar amalga oshirildi, tarmoqdagi korxonalarning ko’pchiligi davlat tasarrufidan chiqarilib, aktsiyadorlik jamiyatlariga aylantirildi. Ilgari tarmoq korxonalariga rahbarlik qilgan go’sht va sut sanoati vazirligi tugatilib, 1993 yil 6 aprelda “O’zgo’shtsutsanoat” davlat-aktsiyadorlik uyushmasi tashkil etildi. 1991-2001 yillarda respublikadagi jamoa xo’jaliklari va tadbirkorlar tomonidan zamonaviy texnologiya uskunalari bilan jihozlangan go’sht va kolbasa mahsulotlari ishlab chiqaradigan ko’plab korxonalar qurildi. Tarmoqdagi eng yirik korxona Toshkent viloyati (O’rtaovul)dagi go’sht kombinatidir. Toshkent viloyatida bundan tashqari Angren, Bekobod, Olmaliq, Chirchiq go’sht kombinatlari va Yangiyo’l tajriba kolbasa zavodi ishlaydi. “O’zbekbirlashuv”ning “O’zbekistan shirkat sanoati” birlashmasi tarkibida ham kolbasa mahsulotlari ishlab chiqaradigan o’nlab tsexlar faoliyat ko’rsatadi. Respublika Go’sht sanoatida Germaniya va Turkiya, Xitoy firmalari bilan hamkorlikda suyakni qayta ishlash, ichak maxsulotlari tayyorlash, yarim tayyor go’sht mahsulotlari ishlab chiqarish, go’shtni qadoqlash va o’rab iste’molga chiqarish bo’yicha tadbirlar amalga oshiriladi. Hozirgi “O’zgo’shtsutsanoat” uyushmasi tarkibida 16 yirik go’sht korxonasi (kombinatlar) 45 go’sht yetishtirishga ixtisoslashgan xujaliklar, viloyat tumanlarida so’qimga boqiladigan va bo’rdoqichilik punktlari hamda 160 dan ortiq o’rta va kichik korxonalar bor. Respublika Go’sht sanoati o’zining mustaqil va yetarli xom ashyo bazasiga ega. Keyingi yillarda Respublikada chorva mollari bosh sonini saqlab qolgan holda, go’sht va go’sht mahsulotlari ishlab chiqarishni ko’paytirishga erishish yo’lidagi tadbirlar davom ettirilmoqda. 2000 yilda O’zbekiston Respublikasida 841,1 ming tonna go’sht yetishtirildi (tirik vaznda) va Go’sht sanoatida 121,6 ming tonna go’sht va go’sht mahsulotlari ishlab chiqarildi. Po’lat Tursunxo’jayev.