JAMOATCHILIK FIKRI

JAMOATCHILIK FIKRI — bir tomondan, hokimiyatni amalga oshirishda ishtirok etuvchi siyosiy institut, ikkinchi tomondan, u yoki bu hodisalar, voqealar to’g’risida turli ijtimoiy guruh vakillarining o’xshash fikr – mulohazalaridir. Ijtimoiy voqealarga, turli guruhlar, tashkilotlar va ayrim shaxslar faoliyatiga bo’lgan yashirin yoki oshkora munosabatlarni o’z ichiga oluvchi ommaviy ong shakli; muayyan ijtimoiy masalalarni ma‘qullash yoki qoralashda namoyon bo’ladi, individlar, ijtimoiy guruhlar xatti-harakatini va ijtimoiy munosabatlarda muayyan me‘yorlarni belgilaydi; umuman jamiyat doirasida ham, turli ijtimoiy guruhlar doirasida ham amal qiladi. Jamoatchilik fikrining faolligi va ahamiyati jamiyatning strukturaviy xarakteri, ishlab chiqaruvchi kuchlarning, madaniyatning, demokratik huquqiy me‘yorlar va erkinliklarning taraqqiyot darajasi bilan belgilanadi. Jamoatchilik fikri hokimiyat organlarini saylashda, ommaviy kommunikatsiya vositalarida, aholi so’rovlari va boshqalarda o’z ifodasini topadi.