Ivanovo viloyati
Ivanovo viloyati – Rossiya Federatsoyasi tarkibidagi viloyat. 1929 yil 14 yanvarda tashkil topgan. Maydoni 23,9 ming km2. Aholisi 1222 ming kishi (2000), asosan ruslar. 22 ma’muriy rayon, 17 shahar va 32 shaharcha bor. Markazi Ivanovo shahri. Ivanovo viloyati Sharqiy Yevropa tekisligining Markaziy qismida joylashgan. Yer yuzasi, asosan, tekislik. Iqlimi mo’tadil Kontinental. Yozi issiq (iyulning o’rtacha temperaturasi 18-19°), qishi o’rtacha sovuq (yanvarniki — 12°). Yillik yog’in 550-600 mm. Daryolari Volga havzasiga mansub. Ivanovo viloyatida Gorkiy suv omborining bir qismi, Volga — Uvod kanali bor. 200 dan ortiq ko’l mavjud. Viloyat maydonining 2,9% botqoqlik. Tuprog’i, asosan, podzol va botqoq tuproqlar. Qariyb 1 million gektar yer o’rmon. Sut emizuvchilardan malla quyon, oq quyon, tulki, tiyin; qushlardan karqur, kur, chil, kaklik; botqoqlik va qo’llarda o’rdak, g’ozlar uchraydi. Ivanovo viloyati Rossiya Federatsiyasining to’qimachilik (ip, gazlama va zigir tola gazlamasi) sanoati rayonlaridan biri. “Krasnaya Talka” yigiruv fabrikasi, melanj va kamvol kombinatlari va boshqalar bor. Ip gazlama sanoatining asosiy markazlari: Ivanovo, Kineshma, Shuya, Vichuga, Furmanov, Teykovo, Rodniki, Yuja. Zig’ir tola gazlamasi sanoati markazi — Privoljsk. To’qimachilik mashinasozligi, asosan, Ivanovo shahrida. Ivanovo “Tochpribor”, “Ivtekmash” ishlab chiqarish birlashmalari, “elektrokontakt”, “Stroymashina”, “Temp” (avtokranlar) zavodlari bor. To’qimachilik sanoati ehtiyojlari uchun bo’yoq va kislotalar ishlab chiqariladi, neft kimyosi, oziq- ovqat sanoatlari birmuncha rivojlangan. Sut-go’sht mahsulotlari, konserva va boshqalar ishlab chiqariladi. O’rmon va yog’ochsizlik sanoati (yog’ochtaxta, mebel ishlab chiqarish) rivojlangan. Yog’ochsozlik korxonalari, asosan, viloyatning Zavolje va Janubi sharqida joylashgan. Qurilish materiallari sanoatida g’isht, yig’ma temir-beton konstruktsiyalar va detallar ishlab chiqariladi. Yoqilg’i-energetika majmui mahalliy xom-ashyo hisobiga ishlaydi (Ivanovo shahri yonidagi torfda ishlaydigan elektr stantsiyasi, Saratov—Nijniy Novgorod—Cherepoves gazoprovodi). G’alla, kartoshka, yem-xashak ekinlari, tolali zig’ir, sabzavot ekiladi. Chorvachilikda sut-go’sht chorvachiligi va cho’chqachilik, zotdor yilqichilik yetakchi o’rinda. Palex va Xoluy shaharlari badiiy hunarmandchilik (lok-bo’yoq mahsulotlarini tayyorlash, miniatyurali rasm chizish) ning markazlari sifatida mashhur. Viloyatning asosiy temir yo’l liniyasi Moskva— Ivanovo—Kineshma. Volga, Teza, Unja, Klyazma daryolarida kema qatnaydi. 7 oliy o’quv yurti, kutubxonalar, 5 muzey, 3 teatr bor.