Laziz Qayumov (1930-2004)
Laziz Qayumov (1930.23.4, Qo‘qon — 2004.11.1, Toshkent) — adabiyotshunos. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1980), filologiya fanlari doktori (1963), professor (1965). Azizxon Qayumovning ukasi.
O‘rta Osiyo davlat universitetining filologiya fakultetini tugatgan (1952). Shu universitetda o‘qituvchi (1953—56), dotsent (1956—65), dekan (1960—62), SSSR xalqlari adabiyoti kafedrasining mudiri (1963—85; 1988 yildan), «O‘zbekiston madaniyati» (1962—81), «Sovet O‘zbekistoni» (1984—88) gazetalarining bosh muharriri bo‘lib ishlagan. Uning rahbarligida 20 dan ziyod fan nomzodlari va doktorlari yetishib chiqdi.
Hamza ijodiga bag‘ishlangan «Inqilob kuychisi» (Hamza Hakimzoda biografiyasi) (1962), «Inqilob va ijod» (1964), «Inqilobiy drama» (1970), «Hamza» (1973, 1989) kitoblari nashr etilgan. «Shoira Zulfiya» (1965, 1975) «Olmos iste’dod» (1965), «Zamondoshlar» (1972), «Asr va nasr» (1975) va boshqalar asarlarida adabiyotshunoslik va o‘zbek adabiyotiga oid muammolar ochib berilgan.
«O‘qituvchi» (1954), «Gulistoning sening», «Mehri daryo» (1975) voqeiy hikoyalar va «Meridiandagi uchrashuvlar» (1976) publitsistik maqolalar to‘plamlari ham bor. «Barhayot Hamza» (1967), «Hamza teatri» (1968), «Farzandingman, O‘zbekiston!», «Gul sayli» (1972) kabi hujjatli filmlar stsenariysi muallifi.
Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1973).