Mingboshi

Mingboshi-harbiy ma’muriy mansab: 1) ming kishidan tashkil topgan harbiy qism qo’mondoni. Turk xoqonligi, qoraxoniylar, temuriylar armiyasida mingbegi. Mingboshi tig’, karnay, soybon va chodirga ega bo’lgan. Dubulg’a, zirh, sovut, nayza, qilich, sadoq va o’q-yoy bilan ta’minlangan, o’nboshi, yuzboshilar Mingboshiga bo’ysungan. Mingboshining noibi-o’rinbosari bo’lgan. Amir Temur qo’shinida yuzta Mingboshi viloyat voliysi mansabi bilan taqdirlangan; 2) O’rta Osiyo xonliklarida harbiy-ma’muriy mansab. Qo’qon xonligida xondan keyingi 2-oliy mansab. Asosan, harbiy ishlarga mutasaddilik qilgan. Xiva xonligida saroydagi eng kichik amaldor; 3) Eron va Xurosonda XVIII asrda Mingboshi harbiy sardor, turkmanlarda qabila boshlig’i; 4) O’rta Osiyoning ruslar tomonidan bosib olinishi arafasida Toshkent, Oqmachit singari shahar hokimlari. Keyinchalik Mingboshi Toshkent dahalari boshliqlari. Daha Mingboshisi aholi tomonidan saylanib, viloyat hokimi tomonidan tasdiqlangan. XIX asr oxiriga kelib Mingboshi shahard tijorat ishlarini nazorat qiluvchi kichik mansab egasiga aylanganl 5) XX asrning 20-yillarida Mingboshi O’zbekistonda bir yoki bir necha qishloq birlashuvidan tashkil topgan ma’muriy idora boshlig’i sifatida faoliyat ko’rsatgan.