SHO’R YERLAR MELIORATSIYASI

SHO’R YERLAR MELIORATSIYASI – tuproqning o’simlik ildizi tarqaladigan qatlamidan qishloq xo’jalik ekinlari hosili va sifatini pasaytiruvchi suvda eriydigan ortiqcha zararli (zaharli) tuzlarni chiqarib tashlash jarayoni. Sug’oriladigan dehqonchilik mintaqalarida Sho’r yerlar melioratsiyasi juda katta xo’jalik ahamiyatiga ega, chunki qishloq xo’jaligida foydalanilayotgan yerlarning qariyb 60-65% u yoki bu darajada sho’rlangan (faqat O’zbekistonning o’zida turli darajada sho’rlangan yerlar maydoni 2,4 million gektardan (66,7%) ortiq). Sho’r yerlar melioratsiyasi gidrotexnik melioratsiya va agrotexnika tadbirlari majmui orqali amalga oshiriladi. Meliorativ tadbirlar majmui sho’r yuvishda suvni juda kam sarflagan holda tuproqdagi o’simlik uchun zarur oziq moddalar va ularning rivojlanishi uchun qulay tuproq suvfizik xossalarini saqlashda eng yuqori samarani ta’minlashi kerak. Tuproqdan namning bug’lanish miqdorini tartibga soluvchi samarali drenaj, ratsional sug’orish rejimi va agrotexnika (almashlab ekish, erlarni tekislash, tuproqqa ekish oldidan va qator oralariga ishlov berish va boshqalar)ni qo’llash qayta sho’rlanish imkonini keskin pasaytiradi. Sho’r yerlar melioratsiyasida sug’oriladigan uchastkalar va yer massivlari bo’ylab ihota o’rmon mintaqalari tashkil etish, tuproqning sho’rlanish darajasiga ko’ra kapital va profilaktik sho’r yuvishning optimal muddatlari hamda normalarini to’g’ri belgilash muhim ahamiyatga ega. Gidromorf va oraliq tipdagi tuproqlarda sho’ri yuvilgan yerlarning qayta sho’rlanishini bartaraf etish uchun suv berish rejimini belgilashda tuz profili, aeratsiya zonasidagi tuproqgrunt tuzilishi, grunt suvlari rejimi, ularning chuqurligi va minerallashish darajasi hisobga olinadi. Shunga muvofiq gidromodul bo’yicha rayonlashtirish uslubi, sug’orish usullari va suv berish texnikasi takomillashtiriladi. Sho’rxok yoki sho’rlanishga moyil tuproqlarda kimyoviy melioratsiya (ohaklash, gipslash, kislota eritmalaridan foydalanish) bilan qo’shib olib boriladigan maxsus sho’r yuvish texnologiyasi qo’llaniladi. Ad.: Kamilov O.K., Meliorasiya zasolyonnmx pochv Uzbekistana, T., 1985.