Jumaboy Jirov

Jumaboy Jirov (Bozorov Juma boy) (1927.22.10, Toshhovuz viloyati, Turkmaniston) — qoraqalpoq baxshisi, Nurabulla Jirov (1862-1927) maktabining namoyandasi. O’zbekiston xalq baxshisi (2000). 1928 yildan Qoraqalpog’istonning Xo’jayli, 1960-yillardan Sho’manay tumanida istiqomat qiladi. Yoshlik davridan baxshilik san’atiga qiziqishni unda Abdurasul (kal bola), Qulamet, O’teniyaz kabi atoqli qoraqalpoq jirovlari uyg’otgan. 1948-50-yillari Esemurod jirov (1893-1980) ga shogird tushgan. 1950 yildan mustaqil ijod qiladi. Repertuaridan qoraqalpoq dostonlari (“Koblan”, “Sharyar”, “Edige”), to’lg’ov (“O’rmanbet biy”) va xalq termalari (“Darkor yigitga”, “Sho’manay” va boshqalar) o’rin olgan. Turkmaniston, Qozog’iston, shuningdek, Germaniyada bir necha bor gastrolda bo’lgan. Jumaboy Jirov haqida “Jirov” kinofilmi (1998) suratga olingan.