Madaniyat va istirohat bog’lari
Madaniyat va istirohat bog’lari — aholi madaniy hordiq chiqaradigan, turli bezakli daraxt va gulzorlar bilan jihozlangan, ko’kalamzorlashtirilgan maskan. Madaniyat va istirohat bog’lari bog’ tuzish san’atining o’ziga xos uslublari asosida barpo etiladi. O’zbekistonda Madaniyat va istirohat bog’lari shahar hududining hajmi, me’moriy qiyofasi va tabiiy sharoitiga qarab tashkil qilinadi. Kichik shaharlarda bitta, katta shaharlarda bir necha, aholisi 500 mingdan ortiq shaharlarda esa umumshahar ahamiyatiga ega bo’lgan bog’lardan tashqari, shahar hududidagi har bir tumanning Madaniyat va istirohat bog’lari bo’lishi mumkin. Unda aholiga madaniy xizmat ko’rsatish katta o’rin tutadi. Maydonlardagi ochiq estrada sahnalarida professional teatr va eng yaxshi havaskorlik jamoalarining spektakl va kontsertlari, dorboz, polvon va masxarabozlarning tomoshalari, askiya kechalari uyushtiriladi, kinofilmlar namoyish qilinadi. Ommaviy sayil, karnaval, turli sport musobaqalari va boshqalar tashkil etiladi. Bolalar uchun maxsus joy ajratilib, qiziqarli attraktsionlar bilan jihozlanadi va hokazolar. O’zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi tasarrufiga kiruvchi Madaniyat va istirohat bog’lari respublika bo’yicha 82 ta (2003). Po’lat Zohidov.