Umrboqiy, Umrvoqi
Umrboqiy, Umrvoqi — xalq selektsiyasida yaratilgan kechpishar qovun navi. Hozirgi O’zbekiston o’simlikshunoslik institutida takomillashtirilgan “umrboqiy 3748” navi chiqarilgan (K.I.Pangalo, M. Goldgauzen). Urug’dan unib chiqqach, 115-130 kunda pishadi. Qovuni tuxumsimon (23-28 santimetr), og’irligi 3-6 kilogramm. Tusi sariq aralash qoramtir-yashil, sirti tekis, meva bandi tomoni yirik to’r bilan qoplangan. Pusti qattiq. Eti nim yashil, qalinligi 4,5—5,5 santimetr, tig’iz, sersuv, shirin. Tarkibida 10-11% qand bor. Palagidan to’liq pishmay uzib olinadi. Saqlash davrida tarkibidagi qand miqdori ortadi. Hosildorligi 300— 350 ts/ga. Kelgusi yilning may oyigacha saqlash mumkin. 1956 yildan davlat reyestriga kiritilgan. Qoraqalpog’iston Respublikasi va Xorazm viloyatidan tashqari barcha viloyatlarda ekiladi.