Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat

Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat (O’zbekistonda) — O’zbekiston fuqarolarining Qurolli kuchlar safida xizmat qilishdan iborat faxriy burchi. 1992 yil 3 iyuldagi 12-chaqiriq O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 10-sessiyasi respublika Qurolli kuchlarini tuzishda muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Bu sessiyada «Mudofaa to’g’risida», «umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to’g’risida» va «muqobil xizmat to’g’risida»gi muhim harbiy qonunlar qabul qilindi. Harbiy qasamning yangi matni va qasamyod qildirish tartibi, shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Mudofaa ishlari vazirligini O’zbekiston Respublikasi mudofaa vazirligiga aylantirish to’g’risidagi farmoni tasdiqlandi. O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini to’ldirish «umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq amalga oshiriladi. Unga ko’ra, harbiy xizmatga yaroqli bo’lgan va chaqiruv kuni 18 yoshga to’lgan O’zbekiston Respublikasi fuqarosi bo’lmish yigitlar muddatli harbiy xizmatga chaqiriladilar. Xizmatni chaqiruvga binoan o’tayotgan oddiy askar, serjant va starshinalar uchun harbiy xizmat muddati — 18 oy (oliy ma’lumotli shaxslar uchun — 12 oy). Harbiy xizmatdan bo’shatilgan, shuningdek, muddatli harbiy xizmatga chaqirishdan ozod etilgan fuqarolar (salomatligining yomonlashgani tufayli harbiy hisobdan chiqarilganlardan tashqari) zaxiradagilar ro’yxatiga olinadilar. Zaxiradagi harbiy xizmatga majburlar yoshiga qarab 3 darajaga bo’linadi. 3-daraja chegarasi umuman zaxirada bo’lish yoshining chegarasi hisoblanadi. Oddiy askarlar, serjant va starshinalar, praporshchiklar va michmanlarning zaxirada bo’lish yoshining chegarasi: 1-darajadagilar uchun — 35 yoshgacha»; 2-darajadagilar uchun — 45 yoshgacha; 3-darajadagilar uchun — 50 yoshgacha. Harbiy xizmatchilar zaxirada bo’lish yoshining chegarasiga etgan bo’lsalar yoki harbiy tibbiy komissiya tomonidan salomatligiga ko’ra harbiy xizmatni o’tashga yaroqsiz deb topilsalar — harbiylar ro’yxatidan o’chirilgan holda iete’foga chiqariladilar.