ANG’IRT
ANG’IRT, sariq g’oz, atayka (Casarca ferruginea) — g’ozsimonlar turkumining o’rdaklar oilasiga mansub parranda. Patlari ochiq sarg’ish, boshi oqish. Yevropa va Osiyoning cho’l, dasht va tog’li hududlarida tarqalgan. Qishlash uchun Afrikaning shimol va Osiyoning Janub tomonlariga uchib ketadi; O’zbekistonda ham uchraydi, bir qismi shu yerda qishlaydi. Tog’, cho’l va dasht zonalaridagi chuchuk suvli va sho’r ko’llarda yashaydi. Inini tulki, qorsoq, bo’rsiq kabi hayvonlarning tashlab ketgan uyasiga va toshlar orasiga quradi, 8-12 tacha tuxum qo’yadi. Erkagi uyaning atrofidan uzoqqa ketmasdan, urg’ochisini qo’riqlab yuradi va tuxumdan chiqqan jo’jalarini boqishga ko’maklashadi. Ang’irt har xil mayda jonivorlar va o’simliklar bilan ovqatlanadi. Ang’irt ov qilinadi. Go’shti yozda (faqat jonivorlar bilan ovqatlanganda) bemaza va qo’lansa, kuzda (o’simliklar bilan ovqatlanganda) mazali bo’ladi.