Abadiy dvigatellar nima?
Odamzot yuz yillar mobaynida bir gal harakatga keltirilib, keyin to’xtovsiz ishlaydigan, foydali ish bajaradigan, shu bilan birga tashqaridan energiya olishga aslo ehtiyoj sezmaydigan mexanizmni yaratishni orzu qilib kelgan. Lekin bizga ma’lum bo’lgan har qanday mashina ma’lum bir energiya manbaiga tayanib ishlaydi. Masalan, shamol tegirmonlarining parraklari shamol energiyasi yordamida harakatlanadi, avtomobil dvigatellari esa yonilg’ini yoqish evaziga hosil qilinadigan energiya asosida ishlaydi. Abadiy dvigatellarning g’oyasi shundan iboratki, ular ish jarayonida o’zi uchun o’zi energiya ishlab chiqarishi kerak. Boshqacha aytganda, har gal to’la bir aylanib ishlab, yana o’zining oldingi nuqtasiga qaytgach, bunday mashina o’zi qabul qilganidan ko’ra ko’proq energiya ishlab chiqara olishi zarur. Abadiy dvigatelni o’ylab chiqarishga shaylangan odamlarning ko’pchiligi muayyan bir amaliy fikr-mulohazalarga asoslanganlar. Ular hech bir energiya sarflamasdan suv taratadigan yoki donni unga aylantiradigan mexanizmning dunyoga keltirilishi to’g’risida o’ylaganlar. Bunday dvigatelni yaratish mumkinmi? Har qanday mutaxassis olim bunga rad javobini beradi, chunki bunday dvigatelning yaratilishi tabiatning asosiy qonunlaridan biri bo’lgan energiyaning saqlanish qonuniga ziddir. Bu qonunga binoan, tabiatda energiya yaratilmaydi va yo’qotib yuborilmaydi. Energiya faqat bir shakldan boshqacha shaklga o’tishi, foydalanishdan ozod qilinishi, to’planishi yoki tarqatib yuborilishi mumkin. Lekin uni yaratib bo’lmaydi, bu esa har qanday mexanizm energiya manbaiga ega bo’lishi zarurligini anglatadi. Insoniyat tarixi mobaynida abadiy dvigatellarni yaratish sohasida urinishlar bo’ldi. Bunday harakatlar energiyaning saqlanish qonuni kashf etilishidan ancha oldin boshlangan edi. Bu qonun yaratilganidan keyin ham abadiy dvigatel nihoyat yaratildi, deb necha marta dunyoga jar solindi… Biroq har gal, bunday shov-shuvli xabardan keyin abadiy dvigatel ixtirochisining yo’l qo’ygan xatolari ravshanlashdi yoki bu “ixtirochi” odatdagi muttahamlardan biri ekanligi ma’lum bo’laverdi.