ABADIY DVIGATEL

ABADIY DVIGATEL (lotincha Perpetuum mobile) – bir marta harakatga solib yuborilgandan keyin cheksiz uzoq vaqt o’z-o’zidan ish bajara oladi, deb faraz qilingan mashina. Energiyaning saqlanish qonuni kashf etilmasdan oldin asrlar davomida odamlar sarflangan energiyadan ko’proq ish bajararishga imkon beradigan mashinani yaratishga urinib keldilar. Bunday mashinaga hatto “Abadiy dvigatel” deb nom ham berilgan. Abadiy dvigatelning turli-tuman loyihalari taklif qilingan, lekin abadiy dvigatel qurish mumkin ekanligini tabiatning asosiy qonunlari uzil-kesil inkor qiladi. Tashqaridan energiya olmay, o’z-o’zidan ish bajara oluvchi mashina shartli ravishda birinchi tur Abadiy dvigatel deyiladi. Energiyani saqlanish va bir turdan ikkinchi turga aylanish qonuniga asosan har qanday ish faqat energiya hisobiga bajariladi. Shuning uchun bunday abadiy dvigatelning bo’lishi mumkin emas. Taklif qilingan ko’pchilik abadiy dvigatel loyihalarida og’irlik kuchi ta’siriga umid qilinadi.