FARG’ONA-TOSHKENT MAQOM YO’LLARI

FARG’ONA-TOSHKENT MAQOM YO’LLARI — Toshkent va Farg’ona vodiysi (Qo’qon, Namangan, Andijon, Farg’ona, Marg’ilon, Quva va boshqalar) musiqa amaliyotida yuzaga kelgan maqom namunalarining umumlashma nomi. Shashmaqom va Xorazm masomlaripxya farqli o’laroq alohidaalohida cholg’u va ashula yo’llaridan iborat. Jumladan, cholg’u yo’llari “Nasrullo I—V”, “Munojot 1—V”, “Ajam va taronalari”, “Miskin I—V”, “Segoh I —III”, “sayqal I— II”, “Mirzadavlat I—II”, “Cho’li Iroq”, “Chorgoh”, “Surnay Iroqi”, “Surnay Dugohi” “surnay ushshog’i” kabilar mashhur. Ashula yo’llari alohida bir qismli (“Segoh, “Toshkent” irog’i” kabi) namunalardan tortib keng ko’lamli turkumlardan tashkil topgan. Ayniqsa, besh qismli “Chorgoh”, “Bayot”, “Bayoti Sheroziy”, “Gulyor—Shahnoz” va yetti qismli “Dugoh— Husayn” ashula yo’llari ommalashgan. Ular mumtoz she’riyat (Sakkokiy, Navoiy, Bobur, Uvaysiy, Furqat, Muqimiy va boshqalar) namunalari asosida o’qiladi. Farg’ona—Toshkent maqom turkumlarining qismlari raqamlar vositasida ajratiladi (masalan, “Miskin I”, “Miskin II”, “Bayot I”). Ayrim hollarda tarkibiy qismlarning maxsus nomlari ham uchraydi. Jumladan, “Miskin” cholgu turkumining III qismi “Adoiy”, IV qismi “Asiriy”, “Nasrullo”ning II qismi “Chavandoz”, III qismi “Qashqarcha”, IV qismi “Tarona”, V qismi “Ufar” deb nomlanadi. Shuningdek, Farg’ona-Toshkent maqom yo’llarining cholg’u kuylarining ayrimlariga nisbatan “mashq” atamasini qo’llash odati mavjud (masalan, “mashqi Chorgoh”, “mashqi Dugoh—Husayn” va hokazolar). Farg’ona-Toshkent maqom yo’llarilarining shakllanish ildizlari o’rta asrlarda mashhur bo’lgan O’n ikki maqom tizimi va undan ham oldinroq mavjud turkumli asarlarga borib taqaladi. “Yo’llari” atamasi ham shunga ishora etadi. Zero “maqom” atamasidan avvalroq musiqa ilmi amaliyotida “yo’l” ma’nosidagi “roh”, “tariqa”, “ravashin” kabi tushunchalar keng qo’llanib kelingan. Shashmaqomdan farqli ravishda Farg’ona-Toshkent maqom yo’llari nafaqat xon saroylarida, balki xalq hayoti bilan bog’liq turli vaziyat va sharoitlarda ham mudom ijro etilgan. Masalan, surnay yo’llari xalq tomosha va bayramlarida, dorbozlar o’yini va to’y bazmlarida, dutor, tanbur, g’ijjak ijrolari hamda ashula yo’llari uy sharoitlarida o’tkaziladigan turli yig’in va majlislarda namoyon bo’lgan. Ayni paytda, bu maqomlarda Farg’ona—Toshkent musiqa uslubiga xos Yalla, ashula, katta ashula janrlarining xususiyatlari o’z aksini topgan. Bu holat ularning musiqiy tili xalqchil va nisbatan ommaviy ekanligi, xalq orasida mashhur bo’lishi sabablaridan biridir. Farg’ona-Toshkent maqom yo’llari ijrochilari mazkur an’anani odatda mashhur ustozlardan o’rganishgan. Shu tarzda bu maqomlarni bizga yetkazib bergan taniqli talqinchilar qatorida Abduqodir naychi, Ahmadjon qo’shnay, A.Yusupov (surnay), Shobarot tanburchi, A.Abdullaev (tanbur), M. Najmiddinov (dutor, tanbur), K.Jabborov (g’ijjak, dutor), S.Kalonov (nay), Faxriddin Sodiqov (chang, dutor), G’.Toshmatov (g’ijjak), T.Alimatov (tanbur, dutor), hofizlar — Sh.Shoumarov, To’ychi Hofiz, Shojalil Hofiz, Ilhom Hofiz, Sodirxon Hofiz, Rajabiylar, Rasulqori Mamadaliev kabi ustoz san’atkorlarning xizmatlari katta. Bastakorlardan T. Jalilov, O. Hotamov, F. Mamadaliev, so’nggi yillarda A. Ismoilovlar Farg’ona-Toshkent maqom yo’llari an’analarida turkumli va alohida ijro etiluvchi asarlar yaratishgan. Oqilxon Ibrohimov.