Ichakdan nafas oluvchilar

Ichakdan nafas oluvchilar (Enteropneusta) — chalaxordalilar sinfi, tuban ikkilamchi og’izlilardan. Bir qancha belgilari ularni ignaterililar va pagonoforalarga yaqinlashtiradi. Uzunligi bir necha santimetrdan 2,5 metrgacha. Tanasi chuvalchangsimon, xartum, yoqacha va bo’limlardan iborat. Xartumida toq, boshqa tana bo’limlarida bir juftdan tselomik bo’shliqlari bor. Qizilo’ngach devorida 2 qator jabra yoriqlari bo’ladi (nomi ana shundan olingan). Og’zi xartumi asosida (qorin tomonida) joylashgan. Ayirish organlari tselomodukt tipida tuzilgan. Gavdasining juft organlari (jabra yoriqlari, jigar o’simtalari, jinsiy bezlari) metamer joylashgan. Qon aylanish sistemasi yaxshi rivojlangan. Orqa nerv stvoli yoqacha ichida joylashgan, ko’pincha nerv nayini hosil qiladi. Sezgi organlari fatsat epiteliydagi yorug’likka sezgir hujayralardan iborat. ayrim jinsli, jinsiy dimorfizm rivojlanmagan. Tuxumlari suvda urug’lanadi. Ko’pchilik Ichakdan nafas oluvchilar lichinkasi — tornariya Ignate rililarnikiga o’xshash. 80 ga yaqin turi, asosan, iliq dengizlarda tarqalgan. Bering, Barents, oq, Oxota va yapon dengizlarida uchraydi. Tipik vakili — balanogloss.