Ilm-fan qay tariqa vujudga kelgan?

“Olim” deyilganida ko’z o’ngimizga kim keladi? Hoynahoy, u atrof muhit va insonni o’rganadigan, observatoriya quradigan, xilma-xil tajribalar o’tkazadigan yoki ma’lum tamoyillar va qoidalarni shakllantiradigan tafakkurli inson ekanligi aniq. Biroq to XVII asrga qadar, odamlar u yoki bu muammoni hal etishni yoxud biron narsani tushunib tagiga yetishni xohlasalar, ular xuddi shu xususda yozilgan barcha manbalarni topib o’qib chiqishgan yoinki to’g’ridan-to’g’ri hukumatga murojaat qilib, fikrini olishgan. 1600 yildan keyin, oradan ko’p o’tmay, Galileo Galiley borliqni o’rganishning yangicha usuliga asos soldi. U narsalarning sir-asrorini anglab yetish uchun ularni sinab ko’ra boshladi va sinchiklab kuzatishni odat qildi. Boshqacha aytganda, Galiley tajribalar o’tkazish yo’lidan bordi. Asta-sekin, narsalarni sinovdan o’tkazib, tajribalarning natijalarini daftarga qayd etib boruvchi odamlarning soni tobora ko’paya bordi. Borliqdagi narsalarning haqiqati teranroq ochila borgani sayin ularning o’rtasida ayrim o’zaro bog’lanishlar borligi ham ayon bo’la boshladi. Bu o’zaro bog’lanishlar o’z navbatida ilmiy qonuniyatlarni yuzaga keltirdi va ular galdagi tajribalarni o’tkazishga asos bo’lib xizmat hildi. Shunday qilib, keyinchalik “ilm-fan” deb nom olgan bilim asoslari dunyoga kelib, tezda ommalashdi. Ayrim-alohida narsalar orasida juda katta miqdorda tabiiy o’zaro bog’lanishlar mavjudligi ilm-fanning alohida yo’nalishlarga (tarmoqlarga) ajralishiga sabab bo’ldi. Hozirgi kunda ilm-fanning ko’pgina sohalari bizga ma’lum. Tabiiy fanlar atrofimizni qurshab turgan narsalar va hodisalarni o’rganadi. Ijtimoiy fanlar esa inson hayoti va faoliyatini o’zi uchun bosh tadqiqot masalasi deb biladi. Bu ilm-fan sohalari poydevor, asos, ya’ni ular sof ilmdir. Ular narsalar mohiyatini o’rganadi va ilmiy qonuniyat-qoidalarni yaratadi. Amaliy fanlar bu anglangan mohiyat va ilmiy qonun-qoidalarni inson faoliyatining turli sohalariga tatbiq etadi. Dorishunoslik, tibbiyot, o’rmonchilik, qurilish muhandisligi va boshqa ko’pgina sohalar amaliy fanlar turiga mansubdir.