Madaniy landshaft

Madaniy landshaft — muayyan maqsad bilan (biologik hosilni oshirish; rekreatsiya, aholi turar joylarini bunyod etish va hokazolar) ilmiy asosda va insonlar manfaatini ko’zlab oqilona o’zgartirilgan landshaftlar. Madaniy landshaftda unumdorlik, iqtisodiy samaradorlik eng yuqori, kishilar hayoti uchun zarur sharoit qulay, tabiiy muhit soglom va go’zal bo’lishi kerak. Madaniy landshaftga cho’l o’rtasida bunyod etilgan vohalar, zaytun, choy, banan, tsitrus plantasiyalari, qishloq xo’jalik o’simliklari ekiladigan dalalar, o’rmonlar o’rnida barpo qilingan pichanzor, yaylov, bog’, ko’chatzor, o’rmonzor Park va boshqalar misol bo’la oladi. Madaniy landshaftning o’zgarishi, tabiatning rivojlanishi va unga inson tomonidan kiritiladigan o’zgartirishlar o’rtasidagi qarama-qarshiliklar bilan tavsiflanadi. Har bir landshaft kabi Madaniy landshaft mahsuldorlik xususiyatiga ega. Mahsuldorlik esa Madaniy landshaftning tabiiy xususiyatlari va insonning o’zgartiruvchi harakatiga bog’liq. Madaniy landshaftda relef morfostrukturasi belgilari, geologik tuzilishi, tabiiy iqlimning asosiy xususiyatlari saqlanadi va u zonallik hamda azonallikning ta’sirida bo’ladi. Madaniy landshaftni ongli ravishda tuzish nafaqat landshaft komponentlari, balki uning morfologik tarkibiy qismlari (maskan, fasiya) orasidagi bog’liqlikni o’rganishga asoslanadi. Madaniy landshaft birinchi navbatda nomaqbul tabiiy jarayonlarning oldini olish, inson hayoti uchun sog’lom muhitni yaratish, hududni oqilona tashkil qilish (tabiiy landshaftning muhofaza qilinayotgan elementlari — qishloq xo’jalik yerlari, turar joy massivlari, sanoat korxonalari va hokazolar orasidagi ilmiy jihatdan asoslangan nisbat)ni ko’zda tutadi. Landshaftshunoslikning muhim vazifasi uning turi, o’zgarishi va mahsuldorligini oshirish yo’llarini o’rganishdan iboratdir. Bu yo’nalishda landshaftshunoslik qishloq xo’jaligi bilan birikadi.