TARAFLAR

TARAFLAR (huquqda) — fuqarolik prosessida fuqarolik ishlari bo’yicha sudlarda muayyan huquq kimga tegishli ekanligi yuzasidan nizolashayotgan jismoniy yoki yuridik shaxslar. Fuqarolik ishlarini sudda ko’rib hal qilish jarayonida 2 taraf: da’vogar va javobgar ishtirok etadi. Taraflarning prosessual huquqlari va majburiyatlari O’zbekiston Respublikasining FPKda (40modda) belgilab berilgan. Taraflar fuqarolik prosessual muomala layoqatiga (FPKning 38moddasi), ya’ni sudda o’z huquq va majburiyatlarini amalga oshirish layoqatiga ega bo’lishi lozim. Bunday layoqatga voyaga yetgan (18 yoshga to’lgan) muomala layoqati cheklanmagan fukarolar ega bo’ladi. Voyaga yetmagan yoki muomala layoqati cheklangan shaxslarning huquqlari ularning qonuniy vakillari, homiy va vasiylik organlari, boshqa vakolatli organlar tomonidan sudda himoya kilinadi. Mehnat bilan bog’liq nizolarda va belgilangan tartibda to’la muomalaga layoqatli deb topilgan hollarda 16 yoshga to’lgan fuqarolar ham o’z huquqlarini sudda o’zi himoya qilishi mumkin. 14 yoshga to’lmagan fuqaroning, shuningdek, ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi sababli muomala layoqatiga ega emas deb topilgan shaxslarning huquqlari sudda ularning ota-onalari va boshqalar qonuniy vakillari tomonidan himoya qilinadi. Da’vogar — da’vo taqdim etish, uning predmetini o’zgartirish, da’vodan voz kechish, kelishuv bitimi tuzish kabi, javobgar esa — da’voni tan olish, dalil taqdim etish, qarshi da’vo qo’zg’atish va hokazolar prosessual huquqlarga ega. Qonun ular zimmasiga o’z prosessual ququqlaridan insof bilan foydalanish, qonunni buzmaslik, sud farmoyishlarini so’zsiz bajarish kabi qator majburiyatlarni ham yuklaydi. Muayyan hollarda qonun davlat muassasalari, jamoat birlashmalari, ayrim mansabdor shaxslarga va ayrim fuqarolarga o’zga shaxslarning huquqlari hamda manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudda da’vo qo’zg’ash va ishtirok etish vakolatini beradi (FPKning 46—49-moddalari). Jinoyat prosessida Taraflar sifatida sud jarayonida ishtirok etadigan va o’z huquq hamda manfaatlarini himoya qilish maqsadida dalillarni tekshirishda qatnashadigan, dalillar taqdim qila oladigan, boshqa taraf xulosalari yuzasidan nizolashadigan, shikoyatlar qila oladigan va boshqalar jinoiy prosessual vakolatlarga ega bo’lgan shaxslar qatnashadi. Jinoyat prosessida taraf sifatida sudlanuvchi, uning qonuniy vakili va himoyachisi, davlat ayblovchisi (prokuror), ish yuzasidan jabrlanuvchi shaxs, fuqarolik da’vogari hamda ularning manfaatlarini sudda himoya qiluvchi qonuniy vakillari ishtirok etadi. Ularning jinoyat prosessidagi prosessual huquqlari va majburiyatlari jinoyat prosessual qonunchiligida belgilab qo’yilgan. Xo’jalik prosessida o’z huquqlari va qonun bilan qo’riqlanadigan manfaatlarini qimoya qilish maqsadida da’vo taqdim etayotgan yoki manfaatini ko’zlab da’vo taqdim etilgan tashkilot va boshqalar xo’jalik yurituvchi sub’yektlar (shu jumladan, yuridik shaxs tashkil etmagan yakka tadbirkorlar) Taraflar sanaladi. Xo’jalik ishlari bo’yicha prosessual huquq va majburiyatlar O’zbekiston Respublikasi Xpkda belgilangan (35— 36moddalar). Yo’ldosh Tursunov.