YOG’OCH MATERIALLAR
YOG’OCH MATERIALLAR — tabiiy yog’ochdan tayyorlanadigan taxta, xari, xoda va boshqalar; tabiiy yog’ochga bog’lovchi moddalar (sintetik smolalar) shimdirib va yuqori temperaturalarda bosim ostida ishlov berib, yelimlab olinadigan qurilish, mebelsozlik, kemasozlik materiallari. Tayyorlanish usuliga ko’ra tilingan va tilinmagan, presslangan, modda shimdirilgan, qatlamqatlam qilib yelimlab yopishtirilgan yog’ochlarga, yog’och plastika va plitalarga bo’linadi. Tabiiy Yog’och materiallar — xari, xoda, g’o’la; yo’nilgan, yorilgan materiallar, tilingan (taxta), payraha, faner, qipiq va boshqa materiallar. Modda shimdirilgan Yog’och materiallar — antiseptik vositalar va yog’och smolasi shimdirilgan materiallar. Presslangan Yog’och materiallar — tolaning ko’ndalang yo’nalishi bo’yicha ZOMN/m2 (300 kg. kuch/ sm2) bosim ostida va 100-250° temperaturada qizdirib bir tomonlama, ikki tomonlama va kontur bo’yicha zichlab olinadigan materiallar. Bunday Yog’och materiallarning zichligi 1200-1450 kg/m3 bo’ladi. Yelimlangan Yog’och materiallar — fizik-mexanik xossalari deyarli bir xil bo’lgan yog’och qatlamlarini birbiriga yopishtirib (yelimlab va presslab) olinadigan qalin, uzun va enli materiallar. Qatlam-qatlam Yog’och materiallar — shpon yoki randalangan fanerlarni sintetik smola yoki oqsil yelim bilan yopishtirib olinadigan material. Plastik Yog’och materiallar — payraha, qipiq, maydalangan yog’och va boshqa organik yoki mineral bog’lovchilar (10-30%) dan tayyorlanadigan plitalar, yog’och plastika, fibroplitalar va boshqalar. Yog’och tolali plitalar yog’och massasidan presslab tayyorlanadi. Yog’och materiallardan qog’oztsellyuloza tayyorlash va kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishda ham foydalaniladi. Yog’och materiallar qurilish, kemasozlik va mebelsozlikda hamda yoqilg’i sifatida ishlatiladi. Tabiiy Yog’och materiallar daraxt tanasidan olinadi. Daraxt tanasi o’zak, yog’ochlik, tola va po’stloqdan iborat. Ayrim daraxtlarning faqat po’stloq va o’zak qismi ishlatiladi. O’zbekistonda Yog’och materiallar tol, yong’oq, tut, archa, terak, qayrag’ochdan tayyorlanadi. Qayrag’och yog’ochidan arava g’ildiragi va o’qlari qam yasaladi.